14:06 / 25.08.2021
15276

Erkin kurash jamoasi bosh murabbiyi: «Tokioda shogirdlarimdan ko‘proq narsa kutgan edim»

Chapdan o‘ngga: G‘ulomjon Abdullayev, Olimjon Hikmatov, Bekzod Abdurahmonov

Tokioda o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 5 ta sport turi bo‘yicha medallarni qo‘lga kiritdi. Xususan, erkin kurashchilar bitta medal olishdi. Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Olimjon Hikmatov bilan kichik suhbat uyushtirib, uning Tokio olimpiadasidan olgan taassurotlari bilan qiziqdik.

– Olimjon aka, Tokio olimpiadasidagi natijalardan ko‘nglingiz to‘ldimi? Shogirdlaringiz ishonchni oqlashdimi?

– To‘g‘risi, shogirdlarimdan ko‘proq narsa kutgan edim. – 57 kg vazndagi G‘ulomjon Abdullayev hali kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda katta tajribaga ega emas. Lekin uning ham medallarga ilinishini kutgandik. Aslida u kutganimizdan ham yaxshiroq kurashdi. Birinchi bosqichda xitoylik raqibini yengdi, ikkinchi davrada esa rossiyalik Zaur Uguyevga imkoniyatni boy berdi. Uguyev ikki karra jahon chempioni. Jang davomida G‘ulomjon ustunlik qilib, g‘alabaga yaqin keldi ham, lekin tajriba baribir o‘z so‘zini aytdi.

Agar shu to‘siqdan o‘ta olganida, oltin olishi ham mumkin edi. Chunki yarimfinalda kurashgan hindistonlik va eronlik sportchilarni G‘ulomjon avval mag‘lub etgandi. G‘ulomjon Uguyevga qarshi kurashda boldiridan jarohat oldi. Kerakli muolajalarni qilganimizga qaramay, bronza yo‘lida amerikalik sportchiga qarshi to‘liq kuch bilan kurasha olmadi.

Bekzod Abdurahmonovning medal olishiga 80 foiz ishonchim bor edi. U ham rossiyalik jahon chempioni Zaurbek Sidakovga imkoniyatni boy berdi. Uni mag‘lub eta olganida, balki oltin olardi.

– 86 kg vaznda Javrail Shapiyev qatnashdi. U keyinchalik chempion bo‘lgan eronlik sportchiga yutqazdi. Bronza uchun bahsda rossiyalik raqibiga imkoniyatni boy berdi. Lekin Shapiyevning kurashidan qoniqmadim. Yutqazganidan tashqari, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatmadi. Olimpiada oldidan ko‘proq Rossiyada tayyorgarlik ko‘rgandi. Balki mashg‘ulotlar to‘liq o‘tkazilmagandir.

Tokioda kamida ikkita medal bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Lekin rahbariyatga bitta medal bo‘ladi, deb aytgandik va shunday bo‘ldi. Olimpiada boshqa darajadagi musobaqa. Magomed Ibragimov birinchi bosqichda turkiyalik raqibiga juda oddiy tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Aytganimdek, ular Rossiyada tayyorgarlik ko‘rishgandi.

– Olimpiada o‘yinlaridan keyin taqdirlanganlar orasida sizni ko‘rmadik. Tabiiyki, siz hamon erkin kurash milliy jamoasi bosh murabbiyimisiz, degan savol tug‘iladi.

– Bundan men ham hayron qoldim. 5 ta federatsiya bittadan medal oldi. Hayron qoldirgan jihati, dzyudo va boks federatsiyalarida o‘nlab odam mukofotlandi, bizda esa faqat Bekzod Abdurahmonovning murabbiyi. Ularning mukofotlanishiga mutlaqo e'tirozim yo‘q, lekin erkin kurashda ham hech bo‘lmasa bosh murabbiy taqdirlanmagani hayron qoldirdi. Eshitishimcha, MOQ sport kurashlaridan ko‘proq medal kutgan. Axir Artur Taymazovlar bor vaqtda doim medal bo‘lar edi. Ha, bizda ham pasayish bor, Rioda ikkita medal olgandik, Tokioda bitta. Pasayish deyish mumkin bo‘lsa, ikki baravar. Biroq boksdagi pasayish Rio bilan solishtirganda uch baravar bo‘ldi, masalan-da.

– Parij olimpiadasiga erkin kurashchilarni kim tayyorlaydi?

– Tokiodan qaytgach, bizda o‘zgarishlar bo‘ldi, lekin men qoldim. O‘ylaymanki, Parijdagi olimpiya o‘yinlari va undan avval bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga ham milliy jamoani o‘zim tayyorlayman.

– Tokioga tayyorgarlik qanday bo‘lgandi?

– Mashg‘ulot, yig‘inlar yaxshi tashkillashtirilgandi. Pandemiya bilan bog‘liq sharoit sabab chet el yig‘inlari ko‘p bo‘lmadi, ammo umuman olganda, hammasi joyida edi. Tokiodagidek tayyorgarlik jarayoni Parij uchun ham amalga oshirilsa, keyingi olimpiadada natijalar yaxshiroq bo‘ladi.

– Sportda legionerlar kerak emas, deyilyapti. Siz bunga qanday qaraysiz?

– Men bu fikrni qo‘llayman, chunki o‘zimizda ham yaxshi sportchilar chiqyapti. Faqat bitta savol paydo bo‘ladi: hozirgi legionerlardan ham kechamizmi yoki keyinchalik yangi legioner olmaymizmi? Chunki biz uchun kurashgan legionerlar endi boshqa mamlakat uchun kurasha olmaydi. Umuman olganda, mahalliy sportchilar bilan ham darajani yaxshi holatda saqlab turish mumkin.

Abdulvosid Valixonov suhbatlashdi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top