12:25 / 28.08.2021
30255

Butun O‘zbekiston bo‘ylab fermerlarning huquqlari oyoqosti qilinayotgani tasdiqlandi

Minglab fermerlarga pullari vaqtida to‘lab berilmayapti. Hokimlar ularning faoliyatiga doimiy ravishda aralashyapti. Fermerlarning mahsulotlari bitim tuzmasdan olib ketilyapti. Ko‘plab hollarda shartnomalar to‘ldirilmagan (bo‘sh) holatda imzolatib olinyapti. Shu va boshqa holatlar butun respublika bo‘ylab keng quloch yoygani Adliya vazirligining “Fermerga madad” aksiyasida ma'lum bo‘ldi.

Adliya vazirligi “Fermerga madad” aksiyasi doirasida adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalariga asoslanib, sohada bir qator muammo va kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, aksiya doirasida fermerlar bilan tayyorlovchi, ta'minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda jami 156 223 ta xato va kamchiliklar aniqlangan.

Eng ko‘p qoidabuzarliklar – Qashqadaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarida.

Infografika: Adliya vazirligi

Xususan, monitoringda 565 ta holatda fermerlar bilan o‘zaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi asosiy hujjat – yer ijara shartnomasi tuzilmagani, 794 ta holatda yer ijara shartnomasining nusxasi fermerlarga berilmagani aniqlandi.

“Yer ijara shartnomasi tuzilmasa, hokimliklarga qo‘l keladi, ular istalgan vaqtda fermerdan yerni olib qo‘yishi yoki fermerga istalgan qo‘shimcha talabni qo‘yishi mumkin, natijada fermer mas'ullar xatti-harakati yuzasidan sudga shikoyat qilishda muammoga duch keladi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Shuningdek, o‘rganishlar ko‘pchilik holatlarda tayyorlovchi, ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘zlarining monopol mavqeyidan foydalanib, ayrim hollarda esa davlat organlarining aralashuvi bilan shartnomaviy munosabatlarda fermerlar manfaatlariga zid xatti-harakatlar qilayotganini ko‘rsatgan.

Aksiyaning dastlabki 1 oyida o‘tkazilgan o‘rganishlarda tayyorlovchi, ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan fermerlar o‘rtasidagi shartnomalar 34 861 ta holatlarda kechikib tuzilgani, 48 396 ta shartnoma hududiy qishloq xo‘jaligi bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlangan.

Masalan, Shahrisabz tumanida 2021 yilda 137 tonna pilla sotish bo‘yicha tuzilgan 456 ta shartnomalar tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomani istalgancha o‘zgartirish va unga tuzatishlar kiritish mumkin yoki uni davlat organi tomonidan monitoring qilish imkoniyati bo‘lmaydi. Albatta, bunday o‘zgartirishlar fermer foydasiga bo‘lmasligi aniq.

Shuningdek, monopol mavqeyidan foydalanib fermerlar yetishtirgan mahsulotlar 7 531 ta holatda kontraktatsiya shartnomasi tuzmasdan olib ketilgan.

Masalan, Xatirchi tumanidagi “Dynamic Elektronics” MChJ klasteri tomonidan “Baxtiyor Ergash bog‘i”, “Xurshid-94”, “Sayyod”, “Davron Farxod muxosibi” kabi 17 ta fermer xo‘jaliklaridan g‘alla xarid shartnomasi tuzilmasdan qabul qilingan.

“Buxoro agroklaster” MChJ klasteri tomonidan Kogon tumanida 13 ta holatda bo‘sh, to‘ldirilmagan shartnoma imzolatib, ularning bir nusxasi fermerlarga taqdim qilinmasdan, yetishtirilgan g‘alla olib ketilgan.

Fermerga o‘z vaqtida haq to‘lanmayapti

Respublika bo‘yicha 24 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklariga 180 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar o‘z vaqtida to‘lab berilmagan. Jumladan, fermerlardan paxta to‘qimachilik klasterlari 39 mlrd so‘m, “Qishloqxo‘jalikkimyo” AJ korxonalari 36 mlrd so‘m, g‘allachilik klasterlari 34 mlrd so‘m, don korxonalari 27,6 mlrd so‘m, neft korxonalari 17 mlrd so‘m qarzdor.

Misol uchun, “Navoiy agrokimyohimoya” HAJ Karmana tuman filialining 68 ta shartnoma bo‘yicha 196,1 mln so‘mlik, “MMTP” MChJning 57 ta shartnoma bo‘yicha 271,8 mln so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorligi yuzaga kelgan.

G‘allachilik klasterlarining Toshkent viloyatidagi 859 ta fermer xo‘jaliklariga 12 mlrd so‘m, Muborak tumanida 4,2 mlrd so‘m, Angor tumanida 3,9 mlrd so‘m, Kasbi tumanida 3,7 mlrd so‘mlik yetkazib berilgan g‘alla pullari to‘lab berilmagan.

Fermerlar munosabati

Shartnomaviy munosabatlarda erkinlik va tenglikka rioya etilish yuzasidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda ishtirok etgan 10 mingdan ortiq fermerlarning 70 foizi aksariyat shartnomalar to‘ldirilmagan (bo‘sh) holatda ulardan imzolatib olinishini, 5 foizi esa umuman shartnoma tuzilmasligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan 40 foizdan ortiq fermerlar shartnomadan ortiqcha g‘allani topshirishga majbur qilinganini bildirgan.

So‘rovda ishtirok etgan fermerlarning 36,4 foizi turli yig‘ilishlar va topshiriqlarning ko‘pligi, 32,6 foizi kontragentlar bilan mustaqil shartnoma tuzish imkoni yo‘qligi, 19,6 foizi agrotexnika tadbirlariga aralashish, 11,4 foizi tekshirishlar ko‘pligi ular faoliyatidagi asosiy to‘siq ekanini bildirgan.

Adliya vazirligining qayd etishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan fermer xo‘jaliklarining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida hududiy adliya organlari tomonidan 709 ta ta'sir chorasi qo‘llanilgan. Shundan 115 ta ogohnoma, 222 ta taqdimnoma, 3,9 mlrd. so‘mlik 388 ta da'vo arizasi, 2 ta ma'muriy taklif, 1 ta jinoiy taklif kiritilgan.

Qo‘llanilgan ta'sir choralari natijasida bugungi kunga qadar 13 ta shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan hamda 207 ta da'vo arizalari sud tomonidan qanoatlantirilib, 321 mln. so‘m miqdordagi pul summalari fermer xo‘jaliklariga undirib berilishi ta'minlanib, qolgan ta'sir choralarning ijro etilishi nazoratga olingan.

Vazirlik sohani takomillashtirishga doir quyidagi takliflarni bildirdi:

— qishloq xo‘jaligi sohasida qabul qilingan qarorlarda ko‘zda tutilgan bozor mexanizmlarini jadal amalga kiritish va ma'muriy yo‘llar bilan fermerlar faoliyatini, ayniqsa mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tartibga solishni keskin kamaytirish;

— qishloq xo‘jaligi sohasida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyati erkinligini ta'minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazish va shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin kuchga kirishini bekor qilish;

— davlat boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan majburiy bo‘lgan namunaviy kontraktatsiya shartnomasidan voz kechish va hozirgi bozor munosabatlaridan kelib chiqib tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan namunaviy shartnoma loyihasini ishlab chiqish;

— tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, shu jumladan klasterlar tomonidan fermerlar bilan tuzilgan shartnomalarga o‘zboshimchalik bilan bir tomonlama o‘zgartirishlar kiritishning oldini olish maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida tuzilgan barcha shartnomalarning internet tarmog‘ida onlayn ma'lumotlar bankini yaratish;

— qishloq xo‘jaligi bo‘limlari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish.

Ma'lum qilinishicha, “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi joriy yilning dekabr oyigacha davom etadi.

Huquqlari buzilgan fermerlar har qanday holatda zudlik bilan adliya organlarining 1008 qisqa telefon raqami yoki @fermergamadadbot Telegram-botiga murojaat qilishlari so‘ralmoqda.

Mavzu yuzasidan so‘nggi oylarda Kun.uz e'lon qilgan ayrim maqolalar:

Top