13:38 / 01.09.2021
18206

Islom taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishi Toshkentda bo‘lib o‘tmoqda

1-4 sentyabr kunlari Toshkentdagi Xalqaro Kongress markazida Islom taraqqiyot banki (IsDB)  Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda ITB guruhiga kiruvchi 57 mamlakatdan vazirlar va rasmiylar, shuningdek, 2000 dan ortiq yirik biznes vakillari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bevosita va onlayn tarzda qatnashmoqda.

Uchrashuvning asosiy mavzusi — ITBga a'zo mamlakatlarning pandemiyadan keyin ijtimoiy va iqtisodiy tiklanishi.

Asosiy tadbirlardan tashqari, iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, sog‘liqni saqlash, ta'lim, islom moliyasi mavzularida qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkaziladi.

ITBning Toshkentdagi yig‘ilishi pandemiya boshlanganidan buyon xalqaro miqyosdagi birinchi yirik oflayn tadbir hisoblanadi.

«Bank tashkil etilganidan buyon ko‘p tomonlama hamkorlik Bank missiyasining muhim vazifasi hisoblanadi. Bugungi kunda har qachongidan ham, Islom mamlakatlari va umuman xalqaro hamjamiyat oldida millionlab odamlarning iqtisodiy rivojlanish afzalliklaridan bahramand bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan murakkab global muammolar turibdi. Bu yilgi yillik yig‘ilish bank a'zo mamlakatlariga ushbu muammolarni hal qilish uchun umumiy kun tartibini ishlab chiqish uchun imkoniyat yaratadi», dedi Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon Al-Jasser.

Shu kungacha ITB O‘zbekistonda turli sohalarda 100 dan ortiq loyihalarni qo‘llab-quvvatladi.

Islom taraqqiyot banki (IsDB) guruhi haqida

Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibiga Islom taraqqiyot banki, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi, Xalqaro islom savdo va moliya korporatsiyasi, Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha islom korporatsiyasi hamda Islom tadqiqot va malaka oshirish instituti kiradi. Bank 1974 yilda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida tashkil etilgan.

Dunyoning 57 mamlakati ITB guruhiga a'zo bo‘lib, tashkilot faoliyati iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirishdan iborat.

Top