13:47 / 05.09.2021
46190

“Islom Karimovga Rishtonning Cho‘ng‘ara guruchida oq rangli qilib osh pishirib berar edim...” Birinchi prezident Karimovning farg‘onalik oshpazi Sulaymon aka nimalarni xotirlaydi?

Har bir xalqning shohona taomi bo‘ladi. O‘zbeklarniki, shubhasiz - palov. Osh o‘zgacha ko‘rinishi, takrorlanmas mazasi bilan hatto xorijliklarning ham mehrini qozongan.

Farg‘ona viloyati Rishton tumani Oq-yer qishlog‘idan yetishib chiqqan oshpazlar butun viloyatda dovruq qozonishgan. Chunki oq-yerlik oshpazlar tayyorlagan oshlar boshqalarinikiga o‘xshamaydi.

Shu qishloqning “Oqtomir” MFYda mashhur oshpaz Sulaymon aka Qoraboyev istiqomat qiladi. U O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Karimovga osh pishirib bergan. Kamtarin oshpaz Islom Karimov har gal Farg‘onaga kelganida osh tayyorlab berar edi.

Sulaymon aka 13 yoshidan buyon otasi izidan borib, oshpazlik qilib keladi. U halol mehnati ortidan farzandlarini ulg‘aytirdi, uyli-joyli qildi.

1956 yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumani Oq-yer qishlog‘ida tug‘ilganman. Otam rahmatlik ham oshpaz, ham qassob edi. 13 yoshimdan boshlab, otamning orqasidan yurib oshpazlik kasbini tanladim. Allohga shukr, 1974 yilda armiya safida xizmat qilib, 1976 yilda uyga eson-omon kirib keldim.

Shundan so‘ng Farg‘ona shahridagi Bojxona boshqarmasi oshxonasida 10 yil davomida oshpazlik qildim. Oshni mazali qilganim uchun o‘sha paytdayoq to‘ylarga xizmatga tez-tez chaqirishar edi.

Oradan bir muddat o‘tib, oshxonadagi faoliyatimni tugatdim. Ikki o‘g‘limni yonimga olib, to‘ylarda osh tayyorlay boshladik. Shu-shu o‘g‘illarim bilan xalq xizmatidamiz. Yil 12 oy bandman. Ikki o‘g‘lim va ukam jami 4 kishi bo‘lib, deyarli har kuni to‘y-hashamlarda yuramiz. Yanvar yoki fevral oyida bir oycha dam olishimiz mumkin. Allohga shukr, bo‘sh kunim yo‘q.

Ramazon oyida iftorlik, qolgan paytda esa to‘y-tomoshalarda xizmatdaman. Yaratganga shukr, ota kasbini olgan ekanmiz, halol mehnat, peshona teri bilan 2 o‘g‘il, 2 qizni uylab joyladim. O‘g‘illarimga imorat solib berdim, mashina oldik. Kam bo‘lganimiz yo‘q“.

Sulaymon aka qanday qilib Islom Karimovning oshpaziga aylanganini so‘zlab berdi. Karimovga Cho‘ng‘ara guruchidan tayyorlangan osh ma'qul kelganini xotirladi.

“Kechagidek barchasi yodimda. 2013 yilda 20 nafar oshpazni bir joyga to‘plashdi. O‘sha yerda barchamizdan imtihon olishdi. Barcha oshpazlardan analiz ham olishdi. Meni Islom Karimovga oshpazlikka tanlashdi.

Osh tayyorlashga kirishishdan avval meni vannaga solishdi. 20 daqiqalar chamasi vannada dezinfeksiya qilindim. Oradan bir muddat o‘tib, oshxonaga olib kirishdi. Shunda oshxonada meni kutib turgan odam “Kimga osh tayyorlashingni bilasanmi?”, - deb savol berdi. Men esa boshimni chayqaganimcha “Yo‘q, bilmayman”, - deb javob berdim. Shunda menga notanish bo‘lgan kimsa: “Prezident Islom Karimovga 2 xil osh qilib berasan” deb aytdi. Men o‘zim bilan Rishtonning Cho‘ng‘ara guruchi va Andijon guruchidan olib borgan edim. Darhol 2 xil guruchda osh pishirishga tushib ketdim. Oshlar tayyor bo‘lgach, mazasini tatib ko‘rishdi. Ularga Rishtonning Cho‘ng‘ara guruchidan tayyorlagan oshim ma'qul keldi. Shunday qilib Karimovning sinovidan o‘tdim...”

Karimov Sulaymon akaning qo‘lini siqib so‘rashib, mamnuniyat bilan «Otaxon, rahmat oshingiz uchun», degan so‘zlari hali-hanuz qulog‘ida jaranglaydi.

“Islom Karimovga ikkinchi marta osh tayyorlab berish uchun borganimda prezidentning xos oshpazlari bilan ochiq havoda sayr qilib turgan edik. Badantarbiya qilish uchun tashqariga chiqqan Karimov tan soqchilari bilan to‘satdan yonimizga kelib to‘xtadi. Qo‘limdan siqib so‘rashib, «Otaxon, rahmat osh uchun, charchamadinglarmi, yaxshi dam oldilaringmi?» deb o‘tib ketdi.

Karimov har gal Farg‘onaga kelganida darhol meni chaqirishar edi. Doim birinchi navbatda SES obdan tekshirib, keyin oshxonaga kirishga ruxsat berardi”.

Prezident yaxshi qovurilmagan, oq rangli oshni yaxshi ko‘rar edi, deydi Sulaymon aka.

“Men ham shunga moslab osh pishirib berar edim. Karimovga tayyorlab bergan oshim retseptida qo‘y yog‘i, sariyog‘, zig‘ir yog‘i, kungaboqar yog‘ini aralashtirib osh qilar edim. “

Mohir oshpaz Karimov bilan  yuzma-yuz kelganida hayajonda yuziga qarashga botina olmagani haqida ham so‘zlab berdi:

“Islom Karimov bilan ilk marotaba ko‘rishganimda hayajon bosdi. Prezidentning ko‘ziga qarashga botina olmadim. Yuzimni yerga qaratganimcha bazo‘r qo‘l berib so‘rashdim. O‘sha paytdagi holatimni ta'riflashga til ojiz edi. Unda qandaydir salobat bor edi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin u insonni.”

Sulaymon akadan mazali osh tayyorlashning asosiy sirini sekin so‘radik.

“Tayyorlayotgan har bir taomga mehr bersangizgina siz kutgan maza va ta'm kelib chiqadi. Qozonga, eng avvalo, nazar tushadi. Undan keyin esa mahsulot tushadi. Mehr bilan qilsangiz hamma taom ham mazali chiqadi albatta. 65 yoshga kirgan bo‘lsam, Yaratganga shukrki, tayyorlagan oshim orqasidan yuzim yerga qaramadi. Bundan keyin ham shunday bo‘lsin. Yaratgan farzandlarimga ham obro‘ bersin ilohim.”

Oshpaz Qashqadaryoga borib, 500 kg osh damlagani haqida so‘zlab berdi. Sulaymon aka Qashqadaryoning sho‘r suvi sabab osh uchun do‘kondan atay suv sotib olib keltirib osh damlagan ekan.

Xizmat bilan deyarli butun O‘zbekistonni kezib chiqqanman. Qashqadaryoga borib, 500 kilo osh damladim bir damlashdi. 10 ta qozonda 50 kg.dan. Rishtondan o‘zim bilan guruch olib ketgan edim. Qashqadaryoga borib suvini ichib ko‘rsam sho‘r ekan. Xonadon egasiga sho‘r suvda osh damlamasligimni aytdim. To‘yboshi hayron bo‘lganicha shirin suvni qayerdan topib beramiz sizga dedi. Shunda xonadon sohibidan 1 million so‘m pul va bitta “Damas” so‘rab, bir kishini do‘konga jo‘natdim. 200 ta idishda toza ichimlik suvi xarid qilib kelishdi. Shundan keyin oshni damladim. Oshni yeganlar o‘shanda qoyil qolgan edi.”

Sulaymon aka osh pishirish uchun qayerga borishidan qat'i nazar, o‘zi bilan birga guruch va suvdan tortib, gugurtiyu tuzigacha olib boradi.

“Bu menga odat bo‘lib qolgan. Uyimda 10 ta qozon-o‘chog‘im bor. Ayrim joylarga hatto qozon-o‘choqqacha olib boraman. Agar o‘zim bilan suv olib keta olmasam do‘kondan toza ichimlik suvi sotib olib qozonga quyaman. Vodoprovod suvi bilan soy suvining yer bilan osmoncha farqi bor. Xuddi gazda qilingan osh bilan o‘tinda qilingan oshni farqi bordek”.

Oshpaz aka to‘ylarda osh tayyorlab bergani uchun to‘yboshining moddiy holatiga qarab xizmat haqi olar ekan.

“Xizmat haqim uchun o‘rtacha hisobda pishirgan oshimning kilosidan kelib chiqib summa belgilaganman. 1 kilo damlagan oshimga 15 ming so‘mdan xizmat haqi olaman. Odamning sharoitidan kelib chiqib pul olaman. Qo‘li yupqaroq bo‘lsa, pul so‘ramayman umuman. O‘ziga to‘q odam bo‘lsa, «dogovor» qilib olaman. “

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top