14:42 / 07.09.2021
1903

Qoraqalpog‘istondan Toshkentgacha bo‘lgan yo‘lni velosipedda bosib o‘tgan sayohatchiga yangi velosiped berildi

Beruniylik Ravshan Yaqshimuratov endi shunday velomarafonni Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab uyushtirmoqchi.

Beruniy tumanida doimiy yashovchi Ravshan Yaqshimuratov yolg‘iz o‘zi velosipedda Beruniydan Toshkent shahriga qarab yo‘lga chiqqan edi. U «Qudratli O‘zbekistonning o‘tmishi va kelajagi buyuk» shiori ostida yakkalik velomarafon o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan va ushbu tashabbus to‘liq qo‘llab-quvvatlangandi.

Ravshan Yaqshimuratov Toshkentga yetib keldi. Uni poytaxtga kiraverishda Turizm va sport vazirligi mas'ul xodimlari kutib olishgan.

Velosayohatchini bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov qabul qilgan. Unga vazirlik tomonidan yangi, zamonaviy velosiped sovg‘a qilindi.

Ravshan Yaqshimuratov Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab «Do‘stlik» velomarafonini uyushtirish maqsadi borligini, bu orqali o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman xalqlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashni targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shish niyatida ekanini bildirgan.

Aziz Abduhakimov velosayohatchiga amaliy yordam berishga tayyor ekani, davlatlararo o‘tish, viza va boshqa tashkiliy masalalarda vazirlikning mas'ul xodimlariga bemalol murojaat qilishi mumkinligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoniga ko‘ra, 2022 yildan boshlab Nukusda piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari» tashkil etilishi belgilangan.

 

Top