14:43 / 08.09.2021
6106

Xitoy Afg‘onistonning yangi hukumati bilan muloqotga tayyorligini ma'lum qildi

Xitoy TIV vakili Van Venbinning so‘zlariga ko‘ra, Pekin Afg‘onistondagi yangi hukumat "xalq manfaatlarini hisobga olishi va xalqaro hamjamiyat kutayotganidek harakat qilishi"dan umidvor.

Xitoy hukumati "Tolibon" harakati tomonidan tuzilgan Afg‘onistonning yangi hukumati bilan muloqotga tayyor. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin ma'lum qildi.

"Biz yangi afg‘on hukumati bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz", — dedi u.

Venbinning so‘zlariga ko‘ra, Pekin Afg‘onistondagi yangi hukumat "xalq manfaatlarini hisobga olishi va xalqaro hamjamiyat kutayotganidek harakat qilishi"dan umidvor.

"Afg‘oniston hukumati tolerant bo‘ladi va terrorizmga qarshi hamkorlik qiladi deb umid bildiramiz", — dedi Venbin.

Uning qayd etishicha, Afg‘onistonda yangi vazirlar mahkamasi shakllanishi "bu mamlakatda hukumat yo‘q bo‘lgan uch haftalik davr tugaganini bildiradi".

"Xitoy Afg‘oniston suvereniteti va mustaqilligini hurmat qiladi", — deb ta'kidladi Venbin.

Avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Afg‘onistonda muvaqqat hukumat tuzilishi yuzasidan bayonot bergandi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top