20:53 / 09.09.2021
17367

Saida Mirziyoyeva: “O‘tgan 5 yilda senzura va o‘z-o‘zini senzuralashni deyarli yo‘qotdik”

“Biz qonunlarni keskinlashtirish, turli mavzulardagi chiqishlarni taqiqlash, ijtimoiy tarmoqlarni to‘sib qo‘yish va fikrlarni boshqarish orqali ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligini yaxshi anglaymiz. Bularning bari aks samara beradi va vaziyatni yanada chigallashtiradi”, – dedi Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi media-konferensiyada.

Foto: Mass-media fondi

Toshkentdagi International Hotel mehmonxonasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning OAV erkinligi bo‘yicha tashkil etilgan Markaziy Osiyo media konferensiyasi gibrid formatda o‘tkazilmoqda. 23-marta bo‘lib o‘tayotgan tadbirda qator mavzular bilan birga mintaqadagi OAV erkinligi tahlil qilinadi.

Bu yilgi anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, shuningdek, Mo‘g‘uliston hukumat idoralari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollaridan tarkib topgan 100ga yaqin ishtirokchilar dolzarb mavzular bo‘yicha fikr va tajriba almashmoqda.

Mazkur tadbirda O‘zbekistonda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etmoqda. U o‘z so‘zida o‘tgan davrda mamlakatda so‘z erkinligi shakllantirishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Mirziyoyevaga ko‘ra, faktlarni tekshirish, ya'ni faktcheking, o‘z vaqtida haqiqatga mos xabarlar berilishi, muammolarni yoritish, davlatning qo‘llab-quvvatloviga muhtoj bo‘lmaslik – o‘tgan 5 yilda ommaviy axborot vositalarida ko‘zga tashlangan ijobiy natijalardir.

“O‘zbekiston ochiq ma'lumotlar manbalari bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida TOP-5likdan o‘rin olgan. Open Data Inception ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich borasida biz AQSh, Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya bilan bir safdamiz. Davlat xaridlari haqida to‘liq ochiq ma'lumot mavjudligi ba'zida anchagina jiddiy muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.

So‘z erkinligi sababli mamlakatimiz qanchalik o‘zgarayotganini ko‘rib turibmiz. Asosiy erishgan natijalarimizdan biri – bu fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida ishtirokidir. Odamlar davlat boshqaruvini baholamoqda va tanqidiy qarashlarini qo‘rqmasdan bayon etmoqda. Barqaror fuqarolik jamiyati shakllanmoqda”, – dedi Saida Mirziyoyeva.

Mass-media fondi raisining o‘rinbosariga ko‘ra, O‘zbekistonning bu kabi konferensiyalardagi ishtiroki ham so‘z erkinligiga erishishning eng birinchi bosqichi – senzura hamda o‘z-o‘zini senzuralash ortda qolganining yorqin dalilidir.

“Shu bilan birga, hozirda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan illatlar: nafrat tuyg‘usini yoyish, soxta xabarlar berish, insonlarni o‘zaro tarqoq holga keltirish, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish va yolg‘on xabarlar tarqatish kabi masalalar bizning ham muammolarimizdir. Shubhasiz, biz o‘zaro xabardor bo‘lgan holda ushbu vazifalarni hal etish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Bu zamonaviy yechim va keskin qaror talab qiladigan yangi chaqiriqdir.

Biz qonunlarni keskinlashtirish, turli mavzulardagi chiqishlarni taqiqlash, ijtimoiy tarmoqlarni to‘sib qo‘yish va fikrlarni boshqarish orqali ijobiy natijalarga erishib bo‘lmasligini ham yaxshi anglaymiz. Bularning bari aks samara beradi va vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Fikrimcha, qancha ovoz ko‘p bo‘lsa, tanlov hamda har qanday axborotning ishonchliligini tekshirish imkoniyati yanada ko‘proq bo‘ladi. Shuningdek, biz, odamlarimizda tashqaridan boshqarishlarga qarshi immunitet shakllantirishimiz kerak. Axborot bozorida ham raqobatlashish oson emas, haqiqat shov-shuvli sarlavhalarga mag‘lub bo‘lmoqda. Ammo bizdagi OAVlarning aksari o‘quvchi ishonchi hamda izzati eng asosiy sarmoya ekanini anglaydi”, – ta'kidladi Saida Mirziyoyeva.

Top