10:43 / 09.09.2021
20128

Shavkat Mirziyoyev: «Ko‘p yillar davomida amal qilib kelingan «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini o‘zgartirdik» 

"Mamlakatimizda avvalo inson, keyin esa jamiyat va davlat manfaati barcha harakatlarimizning negiziga qo‘yildi. Hayotimizda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya izchillik bilan qaror topib bormoqda", dedi davlat rahbari.

Qurultoy kun tartibidagi asosiy masala Shavkat Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish hisoblanadi. Tadbirni O‘zLiDep yetakchisi Aktam Xaitov ochib berdi va reglamentni tanishtirdi. Nomzodning tarjimai holi va faoliyati haqida ma'lumot berdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyevga so‘z berildi.

“O‘zbekistonda davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllantirildi. Eng muhimi, biz ko‘p yillar davomida amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini o‘zgartirdik. 

Mamlakatimizda avvalo inson, keyin esa jamiyat va davlat manfaati barcha harakatlarimizning negiziga qo‘yildi. Hayotimizda  “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya izchillik bilan qaror topib bormoqda.

Jamiyatda aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli  va ahamiyatini oshirishga qaratilgan, tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. 

Inson, uning haq-huquqlari, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish tamoyili islohotlarimiz mohiyatini tashkil etmoqda.

Shu tariqa, o‘tgan besh yilda ko‘plab masalalarda yangi bilim, ko‘nikma va tajriba orttirdik. 

Albatta, barcha yo‘nalishlarda ham ishlarimiz bir tekisda, silliq va ravon ketdi, deb ayta olmaymiz. Qator sohalarda ayrim kamchilik va xatolar ham bo‘ldi.

Lekin, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, barcha islohotlarimiz, ezgu harakatlarimiz faqat va faqat mamlakatimiz taraqqiyotiga, xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizda demokratiya tamoyillari, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda”, dedi davlat rahbari.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top