22:11 / 09.09.2021
26016

Vazirlik to‘lov-kontrakt miqdori 10 foiz oshganiga izoh berdi

Izohlanishicha, kontrakt miqdorlari 10 foiz oshirilmagan, balki o‘rnatilishi lozim bo‘lgan miqdorga nisbatan 21,1 foizga kam etib belgilangan. Kunduzgi ta'lim shaklida o‘qiyotgan talabalar ixtiyoriy ravishda emlansa, ular uchun kontrakt miqdori o‘zgarishsiz qoladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi yangi o‘quv yili uchun respublika OTMlarida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlari yuzasidan sharh berdi.

“Ma'lumki, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta'lim muassasalarida ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha bitta talabani to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymati mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori barobarida belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmon va hukumat qarorlari bilan ish haqi miqdorlari oshirilganda to‘lov-kontrakt narxlari ham oshirib boriladi.

2020/21 o‘quv yili boshida koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, aholining to‘lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga (ya'ni stipendiyasiz summaga) 10 foiz miqdorda chegirma qilingan edi.

Ya'ni 2021 yil 1 fevraldan ish haqi miqdorlari 10 foizga oshirilgan bo‘lsa-da, o‘quv yili uchun chegirma berilgan bazaviy kontrakt miqdori saqlab qolindi.

Misol tariqasida oladigan bo‘lsak, pedagogika, texnika, gumanitar fanlar ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi shaklda to‘lov-kontrakt miqdori chegirma hisobiga 5 771 349 so‘m etib belgilangan edi. Aslida esa mazkur yo‘nalishlarda kontrakt miqdori 2020 yil 1 sentyabrdan 6 412 610 so‘m, 2021 yil 1 martdan boshlab esa o‘quv yili uchun belgilangan miqdorga nisbatan 16 foiz yuqori, ya'ni 6 733 555 so‘m miqdorida bo‘lishi kerak edi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, belgilangan tartibga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 2021/22 o‘quv yili uchun (stipendiyasiz) bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari ta'lim yo‘nalishlariga qarab 7 759 440 so‘mdan 11 869 440 so‘mgacha belgilanib, 34,4 foizga oshirilishi lozim edi.

Shunga qaramasdan, Davlat komissiyasining qabul qilgan qaroriga asosan, bugungi kunda respublikadagi pandemiya sharoitini inobatga olib, bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari haqiqatda o‘rnatilishi lozim bo‘lgan miqdorlarga nisbatan kamaytirilgan miqdorlarda tasdiqlandi, ya'ni 2021/22 o‘quv yilida to‘lov-kontrakt miqdorlari 10 foiz oshirilmagan, balki o‘rnatilishi lozim bo‘lgan miqdorga nisbatan 21,1 foizga kam etib belgilangan.

E'tiborlisi, bunda koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun kontrakt miqdori o‘zgarishsiz qoladi.

Misol uchun, pedagogika, texnika, gumanitar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt summasi 10 foiz miqdorda chegirma bonusi berilgandan so‘ng 5 771 349 so‘mni tashkil etadi.

Shuni ham alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, bugun belgilangan to‘lov-kontrakt miqdorlari talabani o‘qitish xarajatlarining o‘rtacha 68,4 foizini qoplaydi xolos.

Ko‘rinib turibdiki, yangi tartibni joriy etishda hukumatimiz pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadlarini ko‘zda tutgan”, – deyiladi rasmiy bayonotda.

Top