14:38 / 10.09.2021
17904

«Parijdagi o‘yinlarga bugundan tayyorlanish zarur» - Prezident paralimpiya ishtirokchilari bilan uchrashdi

Prezident kelgusi musobaqalarga stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti, badminton singari turlar bo‘yicha ham yo‘llanmalar uchun kurashish kerakligi haqida gapirdi.

10 sentabr kuni davlat rahbari Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan o‘n oltinchi paralimpiyada ishtirok etib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sportchilar bilan uchrashdi.

«Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni O‘zbekiston terma jamoasining paralimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ulkan g‘alabasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hammamiz olis Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan o‘n oltinchi paralimpiya o‘yinlarini katta hayajon va cheksiz faxr bilan kuzatib bordik. Barchangizga ma'lum, bu gal terma jamoamiz 8ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ana shu qimmatli 19ta medalning 11tasi, shijoatli sportchi qizlarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgani tariximizda misli ko‘rilmagan voqeadir. Mamlakatimiz terma jamoasi 160dan ziyod davlatlar o‘rtasida o‘n oltinchi, Osiyo qit'asida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi.

Ayni paytda bugungi g‘olib va sovrindor sportchilarimizning barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishida beqiyos hissa qo‘shgan hurmatli ota-onalarga alohida tashakkur bildiraman», dedi prezident.

Davlat rahbari Tokioda karantin sababli musobaqalarda ishtirok eta olmagan o‘zbekistonlik sportchilarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Albatta, hozirgi og‘ir pandemiya sharoitida paralimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish, bunday katta yutuqlarga erishish oson bo‘lmadi. Musobaqaning dastlabki kunlarida Tokio shahrida 25 nafar sportchimizga nisbatan qattiq karantin talablari qo‘llangani ham jiddiy muammolar tug‘dirdi.

O‘z yo‘nalishlarida g‘oliblikka asosiy da'vogar hisoblangan Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva, Vasila Aliboyeva singari dzyudochi qizlarimiz shunday sabablar tufayli bahslarda ishtirok eta olmadilar. Umid qilamizki, ular keyingi safar o‘zlarining nimalarga qodir ekanligini albatta isbotlashadi.

Shu o‘rinda, bu galgi musobaqalarda omadi kelmagan yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: jahondagi eng kuchli sportchilar bellashgan Paralimpiya o‘yinlarida qatnashib, o‘z salohiyatingizni dunyoga namoyon etganingizning o‘zi ham katta iftixordir», dedi davlat rahbari.

Prezident Parijda bo‘lib o‘tadigan keyingi paralimpiyaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish masalasida ham gapirdi.

«Vakillarimiz 8ta sport turi bo‘yicha 55ta yo‘llanmani qo‘lga kiritib, milliy sportimiz tarixida eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimizga avtomashinalar va poytaxtimizdan kvartiralar ajratildi. Farmon bilan esa, g‘olib sportchilarimiz, ularning murabbiylari va barcha ishtirokchilar munosib ravishda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Erishgan yutuqlarimizni mustahkamlab, vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini tobora kengroq namoyon etish uchun 2024 yilda Parijda bo‘ladigan paralimpiya o‘yinlariga bugundan boshlab aniq tizim asosida tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur.

Jumladan, kelgusi musobaqalarga stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti, badminton singari turlar bo‘yicha ham yo‘llanmalar uchun kurashish kerak», dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan:

Birinchidan, bo‘lg‘usi paralimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rish uchun xorijiy mamlakatlardan eng tajribali mutaxassis va murabbiylar jalb qilinadi. Shu bilan birga, joylarda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida paralimpiya harakatini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirish zarur.

Ikkinchidan, para-sport turlari bo‘yicha iqtidorli atletlarni saralash va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish lozim. Xususan, sport ta'limi maskanlarida tegishli o‘qitish dasturlari va metodikasini joriy qilish bilan birga, ularda paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, qo‘shimcha kvotalar ajratiladi.

Uchinchidan, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar orasida sportga qiziqishi kuchli bo‘lgan yigit-qizlar ko‘plab topiladi. Ana shunday yoshlarni para-sport turlariga keng jalb etish va ularni tarbiyalashni nazarda tutadigan Hukumat qarori tayyorlanadi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi qoshida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish choralari ko‘riladi.

Top