23:35 / 10.09.2021
6928

Portugaliyaning sobiq prezidenti Jorji Sampayyu vafot etdi

Foto: AP

Portugaliyaning sobiq prezidenti Jorji Sampayyu 81 yoshida vafot etdi. The Portugal News nashrining xabar berishicha, Sampayyu 27 avgustda nafas olishdagi muammolar bilan Lissabondagi shifoxonaga davolanish uchun yotqizilgan. U, shuningdek, yurak-tomir kasalliklaridan aziyat chekkan.

Portugaliya hukumati sobiq prezidentning vafoti munosabati bilan mamlakatda 11 sentyabrdan boshlab 3 kunlik motam e'lon qildi.

Sampayyu Portugaliya prezidenti lavozimini 1996 yildan 2006 yilgacha qatorasiga ikki muddat egallagan. Bungacha 1990 yildan 1995 yilgacha poytaxt Lissabon meri sifatida faoliyat yuritgan. U prezident lavozimidan ketgach BMT bosh kotibining silga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Tsivilizatsiyalar alyansidagi vakili lavozimlarini egallagan.  

Sampayyu 2015 yilda demokratiyani mustahkamlash va inson huquqlarini himoyalashga qo‘shgan hissasi uchun BMTning Nelson Mandela nomidagi mukofoti bilan taqdirlangan.

“Sampayyu vafoti butun Portugaliya uchun katta yo‘qotishdir. Uning hayoti barchamizga o‘rnak hisoblanadi”, deb aytilgan Portugaliya hukumati ta'ziyanomasida.

“Portugaliya o‘zining eng obro‘li fuqarolaridan birini yo‘qotdi. U doim mamlakati uchun faxr bilan va a'lo darajada xizmat qilgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Portugaliya parlamenti spikeri Eduardo Ferro Rodriges.

Mavzuga oid
Top