Samarqand shahrida joylashgan Siyob dehqon bozorida sotuvchilar joy talashib o‘zaro mushtlashgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 5 sentabr kuni Samarqand shahrida joylashgan Siyob dehqon bozorida savdo qiluvchi sotuvchilar savdo joyini talashib, bir-birini haqorat qilgan. So‘ng ular o‘rtasida janjal yuzaga kelib, bir nechta sotuvchi bir-birini urgan.
Qayd etilishicha, hodisa joyiga zudlik bilan IIB xodimlari yetib borib, kelishmovchilikni bartaraf etgan. Janjal ishtirokchilariga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.