18:03 / 10.09.2021
6463

«Siyosiy jarayonlarning sukunatidan qutuldik» - Komil Allamjonov so‘z erkinligi va axborot urushlari haqida gapirdi

O‘zbekistonda so‘z erkinligi e'lon qilinishi yaxshi tushungan holda qabul qilingan siyosiy qaror edi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi bo‘yicha tashkil etilgan Markaziy Osiyo media konferensiyasida ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

“So‘z erkinligi - biz e'zozlaydigan so‘zsiz qadriyat. O‘zbekistonda so‘z erkinligi e'lon qilinishi yaxshi tushungan holda qabul qilingan siyosiy qaror edi. Bu mamlakatni butunlay o‘zgartirib yuborgan qaror bo‘ldi. Biz nafaqat dunyoga ochildik va global kun tartibida qatnasha boshladik. Biz mamlakat ichida odamlar va hokimiyat o‘rtasidagi to‘siqlarni olib tashladik. Siyosiy jarayonlarning sukunatidan qutuldik”, dedi Komil Allamjonov.

Uning ta'kidlashicha, mamlakatda senzura taqiqlangan, shuningdek, jurnalistlarning ishiga aralashish va ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish man etilgan.

“Va bu endi shunchaki balandparvoz so‘zlar emas. O‘zbekiston jurnalistlar hamjamiyati bu qonunlarning bajarilishini juda qattiq nazorat qiladi. Tahririyatga qilingan har qanday bosim holati darhol jamoatchilikka ma'lum bo‘ladi va kamdan kam shaxs materialni olib tashlash talabi bilan tahririyatga qo‘ng‘iroq qilmoqda.
 
OAV yuqoridan bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlardan mustaqil bo‘ldi. Ularning aksariyati nodavlat bo‘lib, axborot siyosati qanday bo‘lishini o‘zi hal qiladi. Albatta, bunday qisqa vaqt ichida bizni G‘arb uslubidagi ommaviy axborot vositalari bilan solishtirish qiyin, lekin bu jarayon to‘xtovsiz davom etmoqda”, deydi Milliy mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi. 

Ma'lum qilinishicha, 2016 yilgi jurnalistika va 2021 yilgi jurnalistika yer bilan osmonchalik farq qiladi. 

“Ha, bizda muammolar bor va ular ko‘p. “Og‘iz yopilganida” birining o‘rniga boshqa muammolar paydo bo‘ldi, jurnalistlarning oyog‘idan chalish, ularga bosim o‘tkazish, sudlar bilan tahdid qilish, da'vo arizasi kiritish, zaif tomonni topishga urinish. Ammo har bir bunday holat - kuchliroq bo‘lish uchun sababdir.

Albatta, so‘z erkinligi bilan bir qatorda, mamlakatga turli axborot oqimi kirib keldi va biz barcha demokratik davlatlar boshidan kechirayotgan muammolarga duch keldik - dezinformatsiya, feyk, anonimlar, yolg‘on va manipulyatsiya. 

Biz butun dunyo bilan birgalikda axborot urushlari davriga kirdik va manipulyatsiya qurboni bo‘lmaslik uchun haqiqatni yolg‘ondan ajratishga harakat qilyapmiz. Bu borada hali tajribamiz kam. Ammo shunga qaramay, bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda”, dedi Komil Allamjonov. 

Qayd etilishicha, hozirgi kunda maktablarda mediasavodxonlikni joriy etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu dars uzoq vaqtdan buyon qo‘shnilar: Qozog‘iston, Qirg‘izistondagi o‘rta sinflarda bor va endi u Tojikistonda joriy etiladi. Bolalar maktabdanoq internetdan qanday foydalanishni bilib boradi.

“Ko‘pchilik kattalarda bunday imkoniyat yo‘q, lekin mediasavodxonlik hammaga kerak. Tadqiqot o‘tkazish kerak «Odamlar kimga ishonadi? Nimani tinglashni xohlaydi? Ularga qanday yangiliklar kerak? Ular qanday olinadi?».

So‘z - bu qurol, hozirgi vaqtda u bir zumda tarqaladi. Har 60 soniyada YouTube’ga 500 soatdan ortiq kontent yuklanadi, Instagram’da esa deyarli 700 000 «hikoya» e'lon qilinadi. Yiliga tezkor messenjerlar orqali yuz millionlab xabarlar yuboriladi.

Bu juda katta miqdordagi ma'lumot. Undan foydalanishni bilish kerak, ommaviy axborot vositalari esa - oqimlarni boshqarishi lozim.

Bizning fond har doim bu sohadagi barcha yangilik va g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. So‘z erkinligidan hafsalasi pir bo‘lmaslik, uni barcha muammolarda ayblamaslik va yana yopilib ketmaslik juda muhim. Agar oldinga qarab ketishni xohlasak, buni o‘zimizga ep ko‘rmasligimiz kerak.
 
Albatta, mamlakat demokratik yo‘ldan harakatlanishni davom ettiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada o‘z pozitsiyasini har doim aniq ifodalaydi: so‘z erkinligi - mamlakatdagi islohotlarni ilgari surishda asosiy yordamchi.

Kecha O‘zLiDep partiyasi qurultoyida prezident: «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistlarning erkin ishlashiga zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun barcha sa'y-harakatlar amalga oshiriladi. Buni men birinchi marta aytayotganim yo‘q: o‘z e'tiqodi bilan haqiqatga va adolatga ishonadigan barcha jurnalistlarni eng yaqin do‘stlarim deb hisoblayman va ular hamisha prezident himoyasida bo‘ladi», dedi. 

Bizning so‘z erkinligimizga hali ko‘p bo‘lmadi, odamlar hamma narsani gumon ostiga olishga odatlangan rivojlangan davlatlardagidek, axborot hujumlariga qarshi immunitetga ega emas.

Ammo tendensiya quyidagicha: ishonchga sazovor yulduzlar, shaxslar, odamlar paydo bo‘ladi. Hozir barcha kontent iste'molchilari kimningdir folloverlari. Bular ham jurnalistlar, ham muharrirlar, ham jamoat arboblari. Ularning so‘zi har bir kishining fikrini shakllantirishda hal qiluvchi bo‘ladi. Ularning safi ko‘paysin - bu turli nuqtayi nazarlarni tanlash imkoniyati. Lekin ularni faqat qonun cheklashi kerak. 

Axborot qonunchiligi to‘liq ishlab ketishi uchun biz hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Uni kimga qo‘llash kerak va kimga qo‘llash kerak emasligi bo‘yicha tanlov yuzaga kelmasligi lozim. Har qanday ma'lumotni tarqatayotgan kishi so‘z erkinligini chegara bilan aralashtirib yubormasligi muhim. 

O‘zbekiston mediahamjamiyatini tashkil etuvchi jurnalistlar va bloggerlar sifatli jurnalistika - har doim faktlar va mulohazalardagi mantiqiylikdan iborat ekani haqidagi fikrga qo‘shiladi. His-tuyg‘ular va baholashga o‘rin yo‘q. O‘quvchilarga trafik uchun yolg‘on gapirish - bu yomon narsa. 

Bizning Milliy mass-media fondi ilg‘or g‘oyalarni taklif qilsa, barcha tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Biz ochiqmiz va qo‘shma loyihalar uchun barcha resurslar bor”, deya ma'lum qildi Komil Allamjonov. 

Mavzuga oid
Top