13:40 / 12.09.2021
2920

Samarqanddagi Siyob dehqon bozorida joy talashib, mushtlashgan sotuvchilarga jazo tayinlandi

2021 yil 5 sentyabr kuni Samarqand shahrida joylashgan Siyob dehqon bozorida savdo qiluvchi bir guruh sotuvchilar savdo joyi uchun talashib o‘zaro mushtlashgan edi. IIV axborot xizmatining xabar qilishicha, ularning xatti-harakatiga qonuniy baho berilgan.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 10 sentyabr kuni Siyob dehqon bozorida savdo qiluvchi bir guruh sotuvchilar savdo joyi uchun talashib o‘zaro mushtlashgani holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud qaroriga asosan, fuqarolar N.Nafisa hamda U.Nigora Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi va 52-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Ularga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 (uch) baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Fuqarolar A.Nodirjon hamda I.Raveljon Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida ko‘rsatilgan ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Ularga nisbatan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, voyaga yetmagan A.Diyorjonning harakatlarida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik mavjud bo‘lgan. Ammo A.Diyorjon javobgarlik yoshiga yetmagani sababli uning qonuniy vakili bo‘lgan otasi N.Nurulloga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bayonnoma qonuniy qaror qabul qilish uchun Samarqand shahar voyaga yetmaganlar bo‘yicha idoralararo komissiyasiga yuborilgan.

Top