19:51 / 15.09.2021
10775

Amerika elchisi O‘zbekistondagi so‘z erkinligi haqida gapirdi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblum mamlakatdagi so‘z va OAV erkinligi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, ayrim hollarda jurnalistlarga tahdid bo‘lgani haqiqat, biroq umumiy holatda jurnalistikada evolyutsion o‘sish kuzatilmoqda.

Toshkentda AQShning Global Media agentligi tomonidan jurnalistlar uchun 4 kunlik trening o‘tkazildi. Korrupsiyani yoritish, jurnalistik surishtiruv olib borish va faktcheking mavzusida tashkil etilgan seminar-trening yakunida jurnalistlar AQSh elchisi bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan elchiga murojaat qildi. Xususan, Daniel Rozenblum O‘zbekistondagi so‘z erkinligini qanday baholashi, jurnalistlardan bosimlar, tahdidlar haqida murojaatlar kelib turadimi, degan savolga quyidagicha javob berdi.

“Men O‘zbekistonga ikki yil oldin, 2019 yil may oyida keldim. Lekin O‘zbekistondagi voqealar, siyosat va iqtisodiy taraqqiyotni ancha oldinroq kuzatishni boshlaganman, 25 yildan ko‘proq vaqt davomida mintaqaga e'tibor qaratganman.

Shu bois cheklovlar haqida bilganlarimni solishtirish qobiliyatiga egaman, deb o‘ylayman. Chunki bugungi kundagi so‘z erkinligi darajasi, odamlarning o‘z fikrini erkin bildira olishi, bu haqda yoza olishi 5-6 yil oldingisiga qaraganda ancha yaxshi, deya olaman.

Ammo hali ham jurnalistlarga bosim o‘tkazilayotgani, ayrim mavzularga hali ham ba'zi cheklovlar borligi, shuningdek ba'zi mavzularga rasmiylar salbiy reaksiya bildirishidan xabarim bor. Oxirgi 2,5 yil ichida hibsga olingan, ta'qib qilingan, ba'zida ayblangan, ularga qarshi jinoiy ayblovlar qo‘yilgan jurnalistlar bilan sodir bo‘lgan ayrim ishlar bilan tanishman. Chunki ularning yozganlari rasmiylar uchun noqulay yoki juda ziddiyatli mavzular edi.

Bilamizki, bu holatlar ro‘y berdi va ular hanuz OAV erkinligini, so‘z erkinligini cheklaydi.

Biz bu borada o‘z xavotirlarimizni ba'zida yumshoqroq tarzda bayon qildik, ayrim hollarda, alohida uchrashuvlarda o‘z qarashimizni rasmiylarga yetkazdik.

Men aytmoqchi bo‘lgan narsa shuki, evolyutsiya har doim ham to‘g‘ri yo‘nalishda davom etmasligi, har doim yuqoriga harakatlanmasligi, ba'zida qisman chekinishi, o‘ngga-so‘lga burilishi ham mumkin, lekin o‘sish kuzatilayotganining o‘zi muhim jihat.

Umid qilamanki, bu to‘g‘ri va menimcha, shunday bo‘lishi kerak. Va siz, jurnalistlar jamoasi o‘z ishingizni professional tarzda bajarmoqdasiz. Jurnalistika haqiqatan ham ijobiy tomonga o‘zgarayotganiga ishonch hosil qiling”, - dedi AQSh elchisi.

Top