12:03 / 15.09.2021
1497

Buxoroda fuqaroni 2 500 dollar evaziga ishga joylashtirib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

Buxoroda ichki ishlar organlari tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va'da qilgan firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, fuqaro N.S. o‘zga bir fuqaroni aldab, unga o‘zini IIV ShXBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimi deb tanishtirgan hamda 2 500 AQSh dollari evaziga IIV tizimida ishlovchi vakolatli tanishlari orqali ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va'da qilgan.

Firibgar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahridagi “Korzinka” savdo majmuasi yonida kelishilgan 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan N.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq fuqaroni 500 dollar evaziga ishga joylashtirishmoqchi bo‘lgan Buxoro shahar aholi bandlikka ko‘maklashish markazi inspektori qo‘lga olingandi.

Top