19:01 / 15.09.2021
21290

«Qo‘liga qurol olib, istiqlol uchun kurashganlar ilk marta oqlandi» – qatag‘on qurbonlarining oqlanishi haqida tarixchi Bahrom Irzayev bilan suhbat

O‘zbekiston Oliy sudi 25 avgust kuni sovet davrida qatag‘on qilingan, biroq shu kungacha reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan 115 nafar o‘zbekistonlikni oqlagan edi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev biz bilan suhbatda 115 nafar qatag‘on qurbonlarining nomi nima uchun oradan shuncha yil o‘tib oqlangani haqida to‘xtaldi.

– Stalin davridagi qatag‘onlar davrida nohaq ayblangan, qamalgan yoki otib tashlangan o‘zbekistonliklar haqida jamoatchilik yetarli darajada ma’lumotga ega emas. Xususan, Oliy sud tomonidan oqlangan 115 kishining aksariyatini odamlar tanimaydi. Ular nima uchun bu qadar kech oqlanyapti? Shu paytgacha nima uchun ularning nomini oqlashning imkoni bo‘lmagan?

– Qatag‘on qurbonlarini oqlash jarayoni 1956 yildanoq boshlangan edi. 1956–57-yillarda juda ko‘pchilik, xususan, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ko‘plab millat farzandlari oqlanadi. Xrushchyovning iliqlik davriga kelib Stalin hokimiyat tepasida bo‘lgan paytlarda amalga oshirilgan qonxo‘rlik butun dunyoga ma’lum bo‘lib qolgach, ham xalqning oldida, ham dunyo jamoatchiligi oldida hisob berish uchun ittifoq rahbariyati bir qadar ortga chekinib, qatag‘on qurbonlarining bir qismini oqlashga majbur bo‘lgandi.

Bu bilan SSSR o‘zining mohiyatini o‘zgartirgani yo‘q. Lekin Stalindan keyin ittifoq dunyo tomonidan tan olinishi uchun ham bu ishlarga qo‘l urildi. Qolaversa, tinimsiz amalga oshirilgan qatliomlar ma’lum bir nuqtaga yetib borgan, aholi bunday qatag‘on siyosatidan holdan toygandi. O‘sha jarayonda bizning adabiyot va san’at ahlimiz, siyosat olamidagi el tanigan insonlarimiz oqlandi.

Bahrom Irzayev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Shu bilan birga, o‘sha paytda ham yaqin farzandlari borlargina tashabbus ko‘rsatib, qatag‘onga uchragan ota-onalari, bobo-momolarining nomini oqlab olishdi. Biroq farzandlari yoki oqlash to‘g‘risida iltimosnoma yoki talabnoma kelib tushmagan aksariyat qatag‘on qurbonlarining nomi oqlanmay qolib ketgan. Qatag‘on davrida jinoiy javobgarlikka tortilgan o‘zbekistonliklarning oqlanganlik bo‘yicha ko‘rsatkichlari sobiq ittifoqdagi boshqa respublikalar bilan solishtirganda, eng past.

Masalaning yana bir jihati bor. Sharof Rashidov, Nuriddin Muhiddinovlar tashabbus qilib ba’zi kishilarning nomini oqlashga harakat qildi. Lekin oqlangandan keyin qatag‘on qurbonlariga yetkazilgan moddiy-ma’naviy zarar qoplab berilishi kerak edi. Afsuski, aksar o‘zbekistonliklarga tovon puli berilmagan, ya’ni bu borada ham xalqimizga nisbatan adolatsizlik qilingan. O‘sha paytlardagi jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganganimizda shu narsa ko‘rinib qoladi. Aksincha, qo‘rqitish yo‘li bilan mulkiy da’vom yo‘q, degan mazmunda tilxatlar yozdirib olingan.

50-yillarda jadal boshlangan oqlash jarayoni 60-yillarga kelib birdan to‘xtadi. Va 70–80-yillarda bir-ikki holatni hisobga olmasa, aytarli hech kim oqlanmadi. SSSRning so‘nggi kunlarida, 1989 yili Mixail Gorbachyovning farmoni bilan ittifoq davrida amalga oshirilgan jinoyatlarni yopish maqsadida go‘yoki deyarli hamma oqlangan edi. Shu jarayonda minglab, o‘n minglab vatandoshlarimiz oqlanib qoldi.

Mustaqillikka erishgandan keyin Munavvarqori va boshqalar oqlandi. Masalan, Germaniyada o‘qib kelgan Xayriniso Majidxonova 2000-yillarga kelib oqlangan va bu jarayon haligacha davom etib kelayotgandi. Lekin shu paytgacha bo‘lgan davrda biror marta qo‘liga qurol olib, istiqlol uchun kurashgan odamlar oqlangan emas. Bunday shaxslar birinchi marta oqlanmoqda. O‘zimiz ham zo‘rg‘a ishondik bu ishlar bo‘layotganiga. Bundan tashqari, hozirgacha Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘liday ulamolar hech qachon oqlangan emas. Bu ham birinchi marta deb aytishimiz mumkin.

Oliy sud tomonidan oqlanganlar 6 ta jinoyat ishi doirasida oqlanishdi. Shundan 92 kishi Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li, 16 kishi Ibrohimbek Laqay, 4 kishi Usmon Tereg‘ulov, qolganlar esa G‘ofur Sultonov, Qiyomiddin Kiromiddin, Latif Daminga oid jinoyat ishi doirasida oqlandi.

– Bu shaxslarning nomi oqlanmagani, bu ish sudda ko‘rilmagani avlodlarining bu boradagi harakatlari yetarli bo‘lmagani tufayli ro‘y bergan deb aytishimiz mumkinmi?

– Masalan, Ibrohimbek Laqaydan hech qanday avlod qolgan emas. 115 kishining aksariyatidan avlod qolmagan. Chunki ko‘pchiligi juda yosh bo‘lgan va oila qurishga ham ulgurmagan. Yoshi kattalarining avlodlarida esa qo‘rquv bo‘lgan, ular xalq dushmanining avlodlari sifatida ta’qib va tazyiq ostida yashab kelishgan. Hech qachon ular orasidan kimdir munosib bo‘lgan taqdirda ham davlat idoralariga ishga qabul qilinmagan. Sovet davlati bir hukumat tizimidagi idoralarga qabul qilishda nomzodning ajdodlarigacha sinchiklab tekshirardi va otasi yoki bobosining nomi oqlanmagani uchun ularning avlodlari «yemagan somsasi uchun pul to‘lab kelgan». Shu uchun bu masalani ko‘tarishga ular jur’at ham qila olmagan.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top