11:39 / 15.09.2021
3104

Reklamalar joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha qariyb 17 mingta holatda kamchiliklar aniqlandi

Senat Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2020 yil va 2021 yil birinchi yarmida iste'molchilarning 37 036 ta murojaati ko‘rib chiqilib, 9,6 mln.dan ortiq iste'molchi huquqlari tiklangan va ularga yetkazilgan 184,9 mlrd so‘m zararni qoplash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Uning 133,0 mlrd so‘mi bugungi kunda qoplab berilgan.

Nazorat tadbirlari doirasida 143 nomdagi mahsulotning nazorat xaridi amalga oshirilib, o‘tkazilgan ekspertiza natijasida 35 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlari talablariga nomuvofiqligi aniqlangan. “O‘zstandart” agentligi tomonidan 10 ta mahsulotga berilgan muvofiqlik sertifikati bekor qilingan.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish darajasini aniqlash va baholab borish maqsadida 5 ta sohada (transport, savdo, aloqa, tibbiy, qurilish) 19,5 ming aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, bildirilgan fikr va takliflar asosida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilgan.

Reklamalarning joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha jami 34 190 ta monitoring o‘tkazilgan va 16 948 ta holatda kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi bo‘yicha 408 ta sub'yektga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini tugatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 368 ta ko‘rsatma berilgan, 55 nafar huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgan.

Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish maqsadida amaldagi 107 ta hujjat xatlovdan o‘tkazilib, vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 147 ta hujjat loyihasining iste'molchilarga ta'siri baholanib, tegishli xulosa va takliflar berilgan.

“Shu bilan birga, Agentlik tomonidan Qonun bilan belgilangan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida vakolatli davlat idoralari hamda hududiy tuzilmalar faoliyati to‘laqonli muvofiqlashtirilmagan.

Inson hayoti, salomatligi, mol-mulki, atrof-muhit uchun xavfli va sifatsiz bo‘lgan mahsulotlar, shuningdek ularning ishlab chiqaruvchisi (ijrochisi) to‘g‘risidagi ma'lumotlarni iste'molchilarga tezkor va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yetkazib borish tizimida hal etilmagan masalalar bor.

Hududiy tuzilmalarning iste'molchilar huquqlarini ta'minlash, ularning murojaatlari va muammolarini qabul qilishni tashkil etish ishlarida kamchiliklar mavjud.

Jumladan, Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida ishonch telefonlaridan foydalanish talab darajasida tashkil etilmagan. Mazkur kamchiliklar o‘rganish jarayonida bartaraf etilgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Agentlik tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyaviy xarakterdagi qo‘mitaning qarori qabul qilindi.

Top