21:55 / 16.09.2021
17780

Afg‘onistonda “Tolibon” shakllantirgan yangi hukumatning ilk yig‘ilishi o‘tdi

Afg‘onistonda “Tolibon” harakati shakllantirgan vaqtincha hukumatning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Afg‘oniston islom agentligi ma'lum qildi.

Xabar berilishicha, Afg‘onistondagi yangi hukumat rahbari Mulla Muhammad Hasan Oxund raisligida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat muhokama qilingan. Bundan tashqari, tegishli vazirliklarga Afg‘onistonda, ayniqsa poytaxt Kobulda xavfsizlik ortidan nazoratni kuchaytirish vazifasi topshirilgan.     

Yig‘ilish ishtirokchilari mamlakatda moliyaviy inqirozning yanada yomonlashishi oldini olish uchun shoshilinch iqtisodiy choralar qabul qilinishi zarurligiga e'tibor qaratishgan.

Afg‘oniston hukumati a'zolari “Tolibon”ga qarshi kurash olib borilgan Panjsher viloyati aholisiga yordam ko‘rsatish muhimligini ta'kidlab o‘tishgan. Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu viloyatga insonparvarlik yordami yuborishga va viloyatdagi vaziyatni yoritishda OAV vakillariga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashga qaror qilishgan. 

Toliblar Afg‘onistonda o‘tish hukumati shakllantirilganini 7 sentyabrda e'lon qilishgandi. 

Top