16:44 / 18.09.2021
5382

Jurnalistlar o‘rtasida shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi. G‘olib - «Mushtum» vakili

Joriy yil 18 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab 30 nafar jurnalist va blogerlar o‘rtasida shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi. 

Kun.uz sayti homiyligida, Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida bo‘lib o‘tgan bu turnir shveysarcha uslubda, 10+0 vaqt tartibida o‘tkazildi va 7 tur yakunlariga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra eng yuqori ball jamg‘argan 3 nafar ishtirokchilar g‘olib deb topildi. 

Birinchi o‘rin, qator sovg‘alar va 1,5 mln so‘m mukofotini “Mushtum” jurnalining ko‘p yillik muharriri Nosirjon Toshmatov egalladi.
Ikkinchi o‘rinni taniqli ijodkor Murodulla Xoliyorov qo‘lga kiritib, homiylar tomonidan taqdim etilgan 700 ming so‘m sovringa ega bo‘ldi.
Uchinchi o‘rinni faxriy jurnalist Asror Mo‘minov egalladi va esdalik sovg‘alar bilan birgalikda 300 ming so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga ayol-qizlar orasida yagona ishtirokchi, O‘zA muxbiri Dilobar Mamatova musobaqaning maxsus sovriniga ega bo‘ldi.

Musobaqadan keyingi suhbatda jurnalist-ijodkorlarning bu turniri qadim tarixga ega ekanligi, unda Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov kabi zabardast insonlar ishtirok etganlari yodga olindi. 

So‘nggi yillarda “Ma'rifat” gazetasi shafeligida o‘tkazib kelingan bu musobaqa kelgusi safar “Ishonch” gazetasi homiyligida o‘tkazilishiga kelishib olindi. 

Shuningdek, Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Markaziy Osiyo jurnalistlari tashkilotlariga xalqaro turnir o‘tkazish tashabbusi bilan chiqiladigan bo‘ldi.

Top