14:25 / 18.09.2021
7313

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta'minlash masalalari bo‘yicha «aql markazi» tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi (“Transparency Uzbekistan”) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ma'lum qilinishicha, markazning asosiy maqsadi – jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishiga ko‘maklashish hamda davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.

Markaz quyidagi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan:

  • korrupsiyaning sabab va oqibatlari, u yetkazayotgan zarar, shuningdek, uning oldini olish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish;
  • korrupsiya darajasi, davlat hokimiyati institutlariga ishonch darajasi va korrupsiyaga qarshi choralar ta'sirini baholash bo‘yicha o‘rganishlar olib borish;
  • davlat organlari faoliyatida shaffoflik, haqqoniylik va halollikni ta'minlash bo‘yicha kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish hamda qonun ustuvorligi ahvoli haqida muqobil ma'ruzalar tayyorlash va e'lon qilib borish;
  • ochiqlik va shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash, huquq ustuvorligini ta'minlash sohasida xalqaro standartlarni O‘zbekistonda implementatsiya qilish masalalari bilan shug‘ullanish;
  • amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil ekspertizadan o‘tkazish va natijalarini e'lon qilish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash masalalarida ushbu tashkilot “aql markazi” sifatida faoliyatini olib boradi. Shuningdek, markaz Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotida akkreditatsiyadan o‘tish va boshqa ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarga a'zo bo‘lishni, ular bilan hamkorlik qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Top