16:36 / 18.09.2021
14265

Turizm va sport vazirligi «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi 

Turizm va sport vazirligi «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyati to‘xtalganiga oid xabarlar asossiz ekanligi bo‘yicha rasmiy munosabat berdi.

Foto: Kapital.uz

Vazirlikning sport yo‘nalishidagi saytida 1hls.uz mobil ilovasi foydalanuvchilariga pul to‘lash vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berildi.

“Biroq axborot xizmati xodimi maqolada asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumot bergani bois aholi orasida bu borada tushunmovchilik paydo bo‘lgan”, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha, mazkur platforma bo‘yicha joriy yil 10 iyundan 13 sentabrga qadar bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 mlrd so‘m mablag‘lar to‘lab berildi.

Shu bilan birga, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga - 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga - 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga qo‘shimcha ravishda 1 mln so‘m mablag‘ foydalanuvchilarning elektron hamyoniga o‘tkazib berilgan. Joriy yilning iyun-avgust oylari davomida esa jami 206,7 mln so‘m mablag‘ foydalanuvchilar elektron hamyoniga o‘tkazib berilgan.

“Hozirgi pandemiya davrida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda unga rioya qilish juda muhim. Platformaga oid xabarning OAV va aholi orasida bu qadar keng tarqalishi unga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanini va platforma yaratish qarori qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shunday ekan, Turizm va sport vazirligi axborot xizmati mazkur xabarni yetkazishda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun uzr so‘ragan holda, «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi ishlashda davom etishini ma’lum qiladi. OAV vakillari va aholini chalg‘ituvchi xabar bergan xodimga esa tegishli ogohlantirish berilganini ma’lum qiladi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Top