22:06 / 19.09.2021
39267

«Ortdan urilgan pichoq»: Pekin va Parij AQSh, Buyuk Britaniya hamda Avstraliya ishtirokidagi yangi alyansdan nega norozi?

Xitoy va Fransiya AQSh, Birlashgan Qirollik hamda Avstraliya o‘rtasidagi yangi mudofaa paktidan norozilik bildirmoqda - garchi turlicha sabablar bilan bo‘lsada. Pekin bunga javoban Osiyo-Tinch okeani savdo paktiga qo‘shilishni istamoqda.

Foto: Getty Images

Fransiya AQSh va Avstraliyadagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olganini ma'lum qildi. Fransiya TIV bu favqulodda qadam bo‘lganini tan olgan, ammo Parij vaziyat jiddiyligidan kelib chiqqan holda bu qarorni oqilona deb hisoblaydi. Fransiya Avstraliya atomli suvosti kemalari qurish uchun texnologiyaga ega bo‘lishidan ham xavotirda.

AQSh prezidenti Jo Bayden, britaniyaliklar bosh vaziri Boris Jonson hamda uning avstraliyalik hamkasbi Skott Morrison chorshanba kuni AUKUS nomli (ishtirokchi davlatlarning bosh harflari) yangi mudofaa alyansi tuzilganini e'lon qilishdi, ko‘plab kuzatuvchilar buni tarixiy voqea sifatida qayd etishdi. Bu Ikkinchi Jahon urushidan keyin bu davlatlar o‘rtasidagi tuzilgan eng yirik harbiy hamkorlik shartnomasidir.

Shartnoma doirasida mamlakatlar ilg‘or texnologiyalarni o‘zaro almashadi, shuningdek, ular kiberxavfsizlik va sun'iy intellekt kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Alyans ishtirokchilari Xitoyni to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmayapti, ammo bu kelishuv Samoviy saltanatning Tinch okeanidagi harbiy qudrati o‘sishiga qarshi turish uchun tuzilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Politico shu yo‘l bilan G‘arb ittifoqchilari Xitoyning harbiy va texnologik sohada kuchayishiga qarshi harakat qilmoqchi ekanini yozdi. ABC telekanali yangi hamkorlik Pekinning, ayniqsa, bahsli Janubiy Xitoy dengizidagi mintaqaviy ta'siriga qarshi turishi kerakligiga e'tibor qaratdi.

Avstraliya fransuzlar konserni Naval Group bilan 90 milliard Avstraliya dollari (66 milliard AQSh dollari)ga 12ta suvosti kemasi yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomani bekor qildi, endilikda ular kemalarni o‘zlari ishlab chiqarmoqchi.

AUKUS doirasidagi birinchi qadam Avstraliyaga atomli submarinalar qurish texnologiyasini yetkazib berish bo‘ladi, lekin bu kemalar yadro qurollariga ega bo‘lmaydi.

Shu tariqa, Avstraliya atomli suvosti kemalari bilan qurollangan dunyodagi yettinchi davlatga aylanadi. Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti ma'lumotiga ko‘ra, AQShda bunday kemalardan 68ta bor, Rossiyada 29, Xitoyda 12, Britaniyada 11, Fransiyada 8, Hindistonda bitta.

«Sovuq urush o‘ylari»

Xitoy TIV matbuot kotibi Chjao Litszyan AUKUS ittifoqi tuzilishini «sovuq urush haqida o‘ylash»ga va «mintaqadagi xavfsizlikka tahdid» soluvchi «haddan tashqari mas'uliyatsizlik» va «kalta o‘ylangan» qadam deb baholadi.

Ingliz tilida yuritiladigan hukumat gazetasida berilgan sharhda Tinch okeani hududida qurolli to‘qnashuv yuzaga kelgudek bo‘lsa, «birinchi bo‘lib» avstraliyalik askarlar halok bo‘lishi haqida yozildi.

«Biz Xitoydan Avstraliyaning pozitsiyasi bo‘yicha turli lovullashlarni birinchi bor kuzatayotganimiz yo‘q. Biz o‘z demokratiyamiz bilan faxrlanamiz va qo‘shnilarimiz bilan tinchlik yo‘lida birdammiz. Haqiqat shu, buni hech qanday ig‘vo inkor eta olmaydi», dedi bunga javoban Avstraliya mudofaa vaziri Piter Datton.

Payshanba kuni Britaniya Vakillar palatasidagi «hukumat soati» vaqtida sobiq bosh vazir Tereza Mey hukumatning hozirgi rahbari Boris Jonsondan xitoyliklar Tayvanga bostirib kirgan taqdirda, Birlashgan Qirollik urushga kirish-kirmasligi borasida so‘radi.

«Biz xalqaro huquqni qat'iy himoya qilamiz va buni butun dunyoga, shu jumladan Pekinga qat'iy bildiramiz», deya javob berdi Jonson va Londonda Xitoy bilan dushmanlik qilish niyati yo‘qligi haqida qo‘shimcha qildi.

Javob yurishimi?

Bu vaqtda payshanba kuni XXR savdo vaziri Chjan Ventao uning mamlakatini Trans-Tinch okeani hamkorligiga qo‘shish borasida Yangi Zelandiyadagi hamkasbi Damen O'Konnorga rasmiy zayavka yo‘llagani va tomonlar o‘rtasida telefon muloqoti o‘tkazilgani ma'lum bo‘ldi.

Trans-Tinch okeani hamkorligi shtab-kvartirasi Yangi Zelandiyada joylashgan.

Xitoy bu qadamni AUKUS tashkil etilishiga javoban tashlaganini rad etmoqda, ammo kuzatuvchilarning ko‘pchiligi aynan shunday bo‘lganiga shubha qilmayapti.

Trans-Tinch okeani hamkorligi 2016 yil 4 fevralida Barak Obama tashabbusi bilan Osiyo-Tinch okeani hududidagi 12 mamlakat (Avstraliya, Bruney, Vetnam, Kanada, Malayziya, Meksika, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur, AQSh, Chili va Yaponiya) ishtirokida, Xitoyning o‘sib borayotgan iqtisodiy ta'siriga qarshi turish maqsadida tashkil etilgan savdo alyansidir. 2017 yil yanvarida Donald Tramp AQSh uchun manfaatsiz bo‘lgan bu alyansdan chiqishini e'lon qilgandi.

Ayni vaqtda Britaniya va Tailand ushbu ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Xitoy boshqa mintaqaviy iqtisodiy tashkilot - 2020 yil noyabrida tashkil etilgan Mintaqaviy umumiqtisodiy sheriklikka (RCEP) a'zo bo‘lgan. Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi davlatlarini (Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand va Filippin), shuningdek, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya va Janubiy Koreyani Xitoy atrofida birlashtirgan bu ittifoq tarixdagi eng yirik erkin savdo kelishuvi bo‘lgandi.

«Ortdan urilgan pichoq»

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Avstraliya suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bekor qilganini «ortdan pichoq bilan berilgan zarba» va Donald Tramp uslubidagi «qo‘pol, bir tomonlama va kutilmagan» qadam deb atadi.

«Bu qaror Fransiya va Avstraliya o‘rtasida mavjud bo‘lgan hamkorlik ruhiga mutlaqo ziddir. Biz Hind-Tinch okeani mintaqasida bemisl qiyinchiliklarga duch kelayotgan mahalda, Amerikaning bunday tanlov qilishi ko‘p yillik ittifoqi Fransiya chetlatilishiga olib keldi. Bu esa hamkorlik izchil bo‘lmaganini ko‘rsatadi, Fransiya bundan afsuslanmasa ham bo‘ladi», deyiladi Le Drian va Fransiya qurolli kuchlari vaziri Florens Parlining qo‘shma bayonotida.

Juma kuni kechqurun New York Times gazetasida chiqqan maqolada anonim qolishni istagan amerikalik va britaniyalik rasmiy shaxslar Parijni g‘azablantirgan haqiqatni amalda tasdiqlashdi: Vashington va Kanberra ushbu shartnoma tayyorlanishini ongli ravishda fransuz hamkasblardan yashirishgan.

Baydenning ma'muriyatidagilar va Avstraliya hukumati a'zolari fransuzlarning dizelda harakatlanadigan suvosti kemalari eskirgani, radarlar tomonidan oson payqalishi va Xitoyning da'volarini tiyib turishda samarali instrument bo‘la olmasligini tushunishardi. Fransuz siyosiy isteblishmenti bilan yaqin aloqalarga qaramay Baydenning atrofidagilardan hech kim shu tariqa Fransiya manfaatlari qurbon qilinishiga qarshi bo‘lmagan, chunki Oq uydagilar uchun birinchi navbatda Xitoyni tiyib turish muhim hisoblanadi, deya yozadi New York Times.

«Bu amerika-fransuz munosabatlaridagi eng quyi nuqta. Amerikaliklar ayni vaqtda bu shartnoma Fransiya uchun juda zarur ekanini bilishardi, ammo bunga parvo qilishmadi», deydi BBC bilan intervyu chog‘ida Fransiyaning AQShdagi sobiq elchisi Jyerar Aro.

Davlat kotibi Entoni Blinken Parij AQShning muhim hamkori bo‘lib qolishda davom etadi va Vashington bu davlat bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

«Fransiya a'zo bo‘lib kirgan va kirmagan, shuningdek, Fransiya qatnashib, biz qatnashmaydigan ittifoqlar ko‘p. Butun dunyoda diplomatiya shunday ishlaydi», deya javob bergan tanqidlarga Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.

Fransiya noroziligi ifodasi sifatida Vashingtonda 17 sentabr kuni o‘tishi mo‘ljallangan, Chesapik dengiz jangining 240 yilligiga (AQSh mustaqilligi uchun kechgan hal qiluvchi dengiz jangida ittifoqchi fransuzlar floti britanlar ustidan g‘alaba qozongan) bag‘ishlangan yubileyni nishonlashdan bosh tortdi.

Fransiya dengiz flotining Vashingtonda bo‘lib turgan yuqori martabali vakili marosimga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgandi, lekin avstraliyaliklar bilan shartnoma bekor bo‘lgach, u muddatidan oldin Parijga qaytishga qaror qildi.

Boshqa tadbirlar, jumladan, Merilend shtatining Baltimor shahrida fransuzlarning o‘sha jangda qatnashgan «Germiona» nomli fregati nusxasi bortida hamda Annapolis shahri hududidagi harbiy-dengiz akademiyasida gulchambar qo‘yish marosimlari bekor qilinmadi.

Bu hodisa Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovaning e'tiboridan chetda qolmadi.

«Buncha g‘azab va achchiqlanish qayerdan? Shartnomalar bekor qilinishi Fransiya uchun odatiy holat ediku. 2015 yilda Parij Rossiya bilan ikkita «Mistral» aviatashuvchilarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani buzgandi. Yoki faqat o‘z orqangda his qiladigan pichoq zarbasi yomonroqmi?» - deya yozdi u Telegram-kanalida.

Zaxarova eslagan shartnoma Rossiya Qrimni bosib olishidan keyin bekor qilingandi.

Taybey minnatdor

Xitoy va G‘arb munosabatlaridagi asosiy ziddiyatli nuqta - Tayvan masalasi sanaladi. Tahlilchilarning fikricha, asosan shu Vashington, London va Kanberrani AUKUS’ni tuzishga undagan.

Tayvan TIV matbuot kotibi Joanna Vu AQSh va Avstraliyaga «qat'iy va kuchli qo‘llov» uchun «samimiy minnatdorchilik» izhor etgan.

«Bizning hukumat Tayvanning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish, demokratiyani himoya qilish, qonunga asoslangan jahon tartibini saqlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta'minlash uchun umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar, Avstraliya va boshqa davlatlar bilan yaqindan ishlashda davom etadi», dedi u juma kuni.

Bundan bir necha soat oldin AQSh va Avstraliya tashqi ishlar vazirliklari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muntazam maslahatlashuv ishtirokchilari o‘z mamlakatlari «bo‘g‘ozning ikki tomoni bo‘yicha muammolarni (Xitoyning materik qismi va Tayvanni ajratib turadi) tahdidlarsiz va majburlovlarsiz hal qilish tarafdori» ekanini tasdiqlashgandi.

O‘z navbatida, XXR raisi Si Jinping ShHT yig‘ilishida onlayn ishtirok etib qilgan chiqishida hamkorlarni «tashqi kuchlarning turli bahonalar bilan mintaqa ishlariga aralashuviga qat'iy turish» va «mintaqa mamlakatlari taraqqiyotini mustahkam tutib turish»ga chaqirgandi.

Joanna Vu Boris Jonson parlament soatidagi chiqishi vaqtida XXR Tayvanni kuch bilan egallab olishga uringan taqdirda, Britaniya urushga kirishi ehtimolini rad etganini nazarda tutib, Taybey hech kimdan o‘zi uchun urushishini so‘ramasligini aytib o‘tdi.

Xitoy 1949 yildan buyon ayni vaqtda 24 million kishi yashaydigan Tayvanni o‘z tarkibidagi isyonkor provinsiya deb hisoblaydi hamda bu masalani harbiy yo‘l bilan hal qilish variantini istisno etmaydi. Pekindagilar ko‘p marta Tayvan mustaqillik deklaratsiyasini e'lon qilishi «qizil chiziqdan o‘tish» hisoblanishini aytib keladi. Tayvan prezidenti Tsay Inven avvalroq Tayvan shusiz ham suveren davlat ekani va buni qandaydir formal aktlar bilan tasdiqlashga hojat yo‘qligini bildirgan.

Payshanba kuni Yevroparlament YeI davlatlari Tayvan bilan savdo kelishuvlari tuzishga hamda unga BMTda kuzatuvchi maqomini berishga chaqirilgan rezolyutsiyani qabul qildi.

Yevrodeputatlar «Xitoyning Janubiy Xitoy dengizi va Tayvan bo‘g‘ozidagi shiddatli ekspansiv harakatlaridan qattiq xavotirdaliklari»ni bildirishgan.

«Garchi Xitoy muhim savdo hamkor bo‘lsa-da, u bizning hayot tarzimiz va dunyodagi liberal tartibga tahdid soluvchi tizimli raqib hamdir», degan Yevroparlamentning xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi Hilde Vautmans.

Mavzuga oid
Top