11:32 / 20.09.2021
3114

Nukusda loyiha qiymati 85,681 mlrd so‘mlik klinika ochildi

Kecha Nukus shahrida 120 o‘ringa mo‘ljallangan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda SSV xabar berdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrulla Inoyatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Murad Qurbanov, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori, senator Oral Ataniyazova va keng jamoatchilik vakillari qatnashgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu markazda Orolbo‘yi hududidagi tug‘ma kasalliklari bor bemor bolalar davolanib, unga muvofiq Rossiya, Koreya Respublikasi, Avstriya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan yaqindan hamkorlik qilish, eng noyob jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bu yerda tibbiyot sohasidagi talabalarni o‘qitish va amaliyot ishlarini tashkillashtirish, shu orqali malakali kadrlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Klinika bu — tibbiy-diagnostika, ta'lim, ilmiy-innovatsion va xo‘jalik korpuslaridan iborat bir butun kompleks hisoblanadi. Uning tarkibida poliklinika, qabul bo‘limi, operatsiya bloki, anesteziologiya va reanimatologiya, bolalar gepatologiyasi va gematologiyasi, bosh va bo‘yin xirurgiyasi, minimal invaziv xirurgiya, travmotologik ortopediya, reproduktiv patologiya, radiologiya bo‘limlari, shuningdek, ilmiy bo‘lim, telemeditsina bo‘limi, simulyatsiya markazi va boshqa bir qator qo‘shimcha bo‘limlar faoliyat ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda mazkur markaz Yaponiyaning “JICA” tashkiloti granti va budjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy asbob-uskunalar (MRT, kompyuter tomografiyasi, angiograf, mini-invaziv jarrohlik uskunalari), telemeditsina va elektron poliklinika uskunalari bilan jihozlanmoqda. Klinikada 69 nafar shifokor, 134 nafar hamshira, 91 nafar kichik tibbiyot xodimlari hamda 79 nafar texnik xodim faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Umumiy 1,1 gektar maydonni qamrab olgan mazkur muassasa binosi zamonaviy texnologiyaga asoslangan yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida barpo etilgan. Binoda elektr tejamkor qurilish materiallaridan foydalanilib, bino ichida havo qishda iliq, yozda salqin turishini ta'minlaydi. Shuningdek, bino videokuzatuv tizimiga ega hamda yong‘in xavfsizlik uskunalari bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq klinika 2020 yilning oxirida ishga tushishi ma'lum qilingandi. Shundan keyin Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori Oral Ataniyazova markaz 2021 yilning may oyida ishga tushishini aytgandi.

Ma'lumot uchun, ushbu loyihaning qiymati 85,681 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top