20:44 / 21.09.2021
10175

Dunyodagi eng oq bo‘yoq Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

AQShning Perdyu universiteti olimlari ishlab chiqqan oq bo‘yoq quyosh nurini eng ko‘p miqdorda akslantira olishi uchun Ginness rekordlar kitobiga kiritildi.

Foto: purdue.edu

Ta'kidlanishicha, bo‘yoq u bilan qoplangan sirtga tushuvchi quyosh nurining 98 foizdan ko‘prog‘ini akslantirishga mo‘ljallangan  Buning evaziga ushbu sirt yon-atrofdagi boshqa narsalardan sovuqroq bo‘ladi. Bu havoni sun'iy sovitishga ehtiyojni kamaytiradi va hattoki umuman qoldirmasligi mumkin.

“Biz bu loyihani 7 yil avval boshlaganimizda, energiyani tejash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun bo‘yoq yaratishni maqsad qilgandik”, deb aytgan bo‘yoqni ishlab chiqishda ishtirok etgan yetakchi tadqiqotchilardan biri Syulin Ruan.

Uning ta'kidlashicha, hozirda bozorda quyosh nurini “ko‘p miqdorda akslantiruvchi” deb taqdim qilinuvchi oq bo‘yoqlar nurning 80-90 foizini akslantiradi. Bu miqdor maishiy qo‘llashda yetarli bo‘lishi mumkin, biroq gap haqiqiy sovitish effekti haqida borganda, kamlik qiladi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, “ultraoq” bo‘yoqda standart akril suyultiruvchi ishlatiladi va uni oddiy bo‘yoq sifatida ishlab chiqarish mumkin. Ularning aytishicha, bo‘yoq 2 yil ichida bozorga chiqarilishi mumkin.

Top