16:14 / 21.09.2021
8426

Hindistondagi portda Afg‘onistondan keltirilgan uch tonna geroin musodara qilindi

Hindiston kontrabandaga qarshi kurash xizmati Gujarot shtati portida o‘tkazilgan keng ko‘lamli amaliyot davomida jami 2,7 milliard dollarlik qariyb uch tonna geroinni musodara qildi.

Foto: Getty Images

Mahsulot talk (texnika va tibbiyotda ishlatiladigan oq yoki ko‘kish rangli mineral) ko‘rinishida Afg‘onistondan Eronning Bandar-Abbos porti orqali yetkazilgan.

Hindiston soliq razvedkasi boshqarmasiga (DRI) mamlakatga tarkibida narkotik moddalar borligi taxmin qilinayotgan yuk yo‘l olgani haqida ma'lumot kelib tushgan.

Razvedka xizmati ma'lumotiga ko‘ra, mahsulot Hindiston janubidagi Vidjayavada shahrida joylashgan hind kompaniyasi tomonidan import qilingan.

Giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi ishi bo‘yicha ikki kishi qo‘lga olingan, yana bir necha kishi, jumladan Afg‘oniston fuqarolari tergov qilinmoqda.

Kriminal ekspertiza qo‘lga olingan narkotik moddalarning aniq miqdorini hali aniq hisoblab ulgurmagan. Boshqa shaharlarda ham, jumladan Dehli, Ahmadobod va Chennayda qidiruv-tintuv ishlari olib borilmoqda.

BMT narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston dunyoda geroin va opiumning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi, uning ulushi barcha yetkazmalarning 80 foizini tashkil etadi.

O‘tgan yili mamlakatda ko‘knori yetkaziladigan maydonlar hajmi 37 foizga kengaygan.

Top