11:19 / 21.09.2021
2894

ShHT Banklararo birlashmasi kengashining XVII yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra raislik O‘zbekiston milliy bankiga o‘tdi

2021 yil 16 sentabr kuni Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasining «Amonatbonk» davlat jamg‘arma banki raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Banklararo birlashmasi (ShHT BB) kengashining XVII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining Birinchi o‘rinbosari D.Said, Tojikiston Milliy bankining raisi X.Xolikzoda, ShHTning bosh kotibi V.Norov va TR «Amonatbonk» DJB Boshqaruvining raisi yig‘ilganlarga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.

Tadbirda ShHTga a'zo davlatlar rivojlanish banklarining rahbarlari ham ishtirok etib, bunda ShHT makonida va Osiyo mintaqasida faoliyat yurituvchi xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish, Banklararo birlashmaga a'zo banklar bilan kadrlarni tayyorlash va tajriba almashish sohasida investitsiyaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratdi.

Yig‘ilish ishtirokchilari uchrashuv doirasida qabul qilingan yangi tahrirdagi ShHT BBni o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasini (2022-2026 yy.) amalga oshirish muhimligini ta'kidladi. Zero, ushbu hujjat BB doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari bo‘yicha xatti-harakatlarni birlashtirish va nuqtai nazarlarni muvofiqlashtirishning muhim vositasi sifatida ko‘rib chiqiladi.

Qabul qilingan strategiya pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish, inklyuziv iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni yaratish, savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek, keyingi 5 yilga BBga a'zo davlatlar hamkorligini yo‘naltirish choralari majmuasini ko‘zda tutadi.

ShHTning bosh kotibi V.I.Norov tomonidan yetakchi jamoat instituti sifatida BB tomonidan ShHT doirasida o‘zaro bank-moliya va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, ShHT mintaqasida moliya, yuqori texnologiyalar, transport-kommunikatsiya infratuzilmalari, energetika va investitsiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qo‘shgan salmoqli hissasi ta'kidlandi.

2021-2023 yillarda koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da, shuningdek 2020 yilda ShHT BBda «VEB.RF» davlat korporatsiyasi raisligida qabul qilingan «ShHT makonida milliy valutalardan foydalanishni kengaytirishga birgalikda yondashuvlar»da belgilangan va BBga a'zo banklar tomonidan amalda joriy yildan boshlab yuritilayotgan faoliyatining samaradorligi ta'kidlandi.

O‘zbekiston Milliy banki Boshqaruvi raisi ma'ruzasida yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalash moderlari, BBning investitsiyaviy-moliyaviy faoliyatini rivojlantirish, shuningdek pandemiya sharoitida innovatsion bank xizmatlarini joriy qilish masalalari ta'kidlandi. Ayni paytda ShHT BBni o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasining muhim roli qayd etildi. Ayni paytda Strategiyaning asosiy bandlarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli Yo‘l xaritasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Yig‘ilish yakunida BBga a'zo banklarning rahbarlari tomonidan pandemiya davom etayotgan sharoitda TR «Amonatbonk» DSBning ShHT BB maydonchasidagi raisligi muvaffaqiyatli bo‘lganligi ta'kidlandi.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, ShHT BBda 2021-2022 yillar davridagi raislik O‘zbekiston tomoniga – «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki»ga o‘tdi.

Ma'lumot uchun: ShHT BB 2005 yil 26 oktyabrda ShHT doirasidagi banklararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq tashkil qilingan. ShHT tomonidan amalga oshirilayotgan hamda ShHTga a'zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan investitsiyaviy loyihalarni moliyalash va ularga bank xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

“O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top