09:57 / 22.09.2021
31996

BMT bosh kotibi insoniyatga xavf solayotgan olti global muammo haqida gapirdi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta'kidlashicha, insoniyat o‘z tarixi davomida hozirdagidek xavf ostida qolmagan. U BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida bunday murakkab vaziyat vujudga kelishining 6 sababini aytib o‘tdi.

Foto: NYT

“Men bu yerda bong urish uchun turibman: dunyo uyg‘onishi lozim. Biz jar yoqasida turibmiz va noto‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanmoqdamiz. Bizning dunyo hech qachon bunday xavf ostida bo‘lmagan va bunchalik tarqoqlashmagan”, deb aytgan BMT rahbari.

Guterrish o‘z so‘zlarini davom ettirib, “dunyodagi tengsizlikni kuchaytirgan” koronavirus pandemiyasini, “sayyoramizga yopirilayotgan” iqlim inqirozini, Afg‘oniston, Efiopiya va Yamandagi og‘ir vaziyatni hamda “jamiyatni falajlovchi va odamlarni qarama-qarshi tomonlarga ajratayotgan” yolg‘on axborot tarqatishni alohida ta'kidlab o‘tgan.

U bu sabablarni insoniyat o‘z taraqqiyoti uchun yengib o‘tishi kerak bo‘lgan “ulkan ajratuvchilar” deb atagan.

BMT bosh kotibining fikricha, birinchi “ajratuvchi” dunyoda tinchlik yo‘qligi hisoblanadi. U Falastin-Isroil mojarosini hal qilishga, Afg‘oniston, Yaman, Liviya, Myanma, Suriya va dunyoning boshqa yerlaridagi to‘qnashuvlarni to‘xtatishga chaqirgan. Guterrishning ta'kidlashicha, dunyoning ikki eng yirik iqtisodiyoti, ya'ni AQSh va Xitoy ziddiyatda bo‘lganda jiddiy iqtisodiy tahdidlarni uddalash ilojsizdir.

Bosh kotib ikkinchi global muammo sifatida iqlim o‘zgarishi muammosini aytdi. U noyabrda Glazgoda o‘tadigan BMTning iqlim o‘zgarishi haqidagi konvensiyasi tomonlarining 26-anjumani muvaffaqiyatli o‘tishi uchun sharoitlar yaratishga chaqirgan. Uning ta'kidlashicha, dunyo davlatlari global isish masalasida o‘z oldilariga ulkan vazifalar qo‘yishlari lozim: sayyora harorati oshishi oqibatlarini bartaraf etish, uni moliyalashtirish va hokazo.

Guterrish davlatlar o‘rtasidagi, jumladan koronavirusga qarshi vaksinalar taqsimlanishidagi tengsizlikni uchinchi global muammo deb atadi. Uning aytishicha, davlatlar orasida umuman birdamlik yo‘q.

BMT rahbari to‘rtinchi muammo gender masalalari ekanini aytdi.

Guterrishning fikricha, beshinchi “ajratuvchi” dunyo aholisi yarmining internetga ulanmagani hisoblanadi. “Aholining yarmi internetdan foydalana olmaydi. Biz 2030 yilgacha barcha aholini internetga ulashimiz lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan BMT rahbari.

U avlodlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni oltinchi global muammo deb atadi.   

“Bizning dunyoga har qachongidan zarur bo‘lgan vaqtda birgalikda harakatlar yetishmayapti”, deb o‘z so‘zlarini intiholagan Guterrish.

Top