16:16 / 22.09.2021
16411

«Sardoba suv omborining maktabi men uchun yetarli» – Shavkat Mirziyoyev

Xorazmda alohida dastur asosida, 170 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga, yiliga 600 million kub metr suv tejaladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Xorazmda ip-kalavani chuqur qayta ishlash va tayyor to‘qimachilik mahsuloti eksportini keskin ko‘paytirishga 50 million dollar ajratiladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Xorazmni rivojlantirish uchun 30 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, budjetdan – 6,5 trillion so‘m, xalqaro moliya tashkilotlaridan – 10 trillion so‘m, bank kreditlari – 13,5 trillion so‘m.

Qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish orqali, 100 ming aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratiladi. Bu borada, avvalo, suv ta'minoti va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni davom ettiramiz.

“Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshiramiz. Bunga 130 million dollar yo‘naltiriladi. Buning hisobiga, 250 ming gektar yer maydonlarining suv ta'minoti va meliorativ holati yaxshilanadi, 13 ming gektar foydalanishga qaytariladi.

Tuyamo‘yin gidrouzelining “Sulton Sanjar” dambasini mustahkamlash hisobiga, Xorazm viloyati uchun 370 million kub metr qo‘shimcha suv zaxirasi yaratiladi.

Alohida dastur asosida, 170 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga, yiliga 600 million kub metr suv tejaladi.

Sardoba suv omborining maktabi men uchun yetarli. Endi bunday bo‘lmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz.

Bunda, 45 ming gektarda lazerli tekislash, 50 ming gektar yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilish hisobiga, hosildorlik oshadi va suv sarfi kamayadi.

Yangi o‘zlashtirilgan yerlar va samarasiz bog‘-tokzorlar o‘rnida, 4 ming gektar intensiv bog‘ va 5 ming gektar uzumzor barpo etiladi. Buning hisobidan, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, – dedi davlat rahbari.

Top