10:14 / 22.09.2021
10880

Toliblar BMT Bosh assambleyasida murojaat qilish imkoniyati berilishini so‘rashdi

Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan “Tolibon” harakati BMT Bosh assambleyasida dunyo davlatlariga murojaat qilish imkoniyati berilishini iltimos qildi.

Foto: Reuters

BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrikning ta'kidlashicha, Antoniu Guterrish toliblar vakili Amir Xon Muttaqiydan BMTdagi oliy darajadagi debatlarda qatnashish imkoniyati berilishi so‘ralgan maktub olgan. Uning ta'kidlashicha, maktub Bosh assambleya 76-sessiya boshlanishidan bir kun avval, 20 sentyabrda yuborilgan va Muttaqiy unda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri deb ko‘rsatilgan.

Toliblar vakili maktubda Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani 15 avgustda “hokimiyatdan ag‘darilgani” va dunyo davlatlari boshqa uni prezident deb tan olmasliklarini aytgan. Maktubda ta'kidlanishicha, shu sababli Afg‘onistonning avvalgi hukumati tomonidan BMTda doimiy vakil etib tayinlangan G‘ulom Isoqzoy boshqa bu lavozimni egallamaydi va toliblar uning o‘rniga Suhayl Shaxinni tayinlashgan.

Maktubda Muttaqiy BMT minbaridan turib gapirish uchun Nyu-Yorkka shaxsan borishi yoki videomurojaat orqali yuzlanishiga aniqlik kiritilmagan.

Dyujarrikning aytishicha, BMT bosh kotibi o‘z navbatida G‘ulom Isoqzoydan 15 sentyabrda boshqa bir maktub olgan va unda Afg‘onistonning Bosh assambleya sessiyasida ishtirok etuvchi delegatsiyasi ro‘yxati keltirilgan. Ushbu maktubda Isoqzoy Afg‘onistonning BMTdagi doimiy vakili deb ko‘rsatilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu ikki maktub Bosh assambleya 76-sessiyasi vakolatlarini tekshirish qo‘mitasi a'zolariga jo‘natilgan. Biroq hozircha vakolatlarni tekshirish bo‘yicha birorta yig‘ilishni o‘tkazish rejalashtirilmagan. Qo‘mita 9 a'zodan iborat bo‘lib, joriy sessiyada uning tarkibiga AQSh, Rossiya, Xitoy, Bagama, Butan, Chili, Namibiya, Serra-Leone va Shvetsiya kirgan. Ta'kidlanishicha, toliblar Afg‘onistonda 1996 yildan 2001 yilgacha hokimiyatni egallaganda, Afg‘onistonning BMTdagi doimiy vakili o‘z vakolatlarini saqlab qolgan, chunki toliblarning uni chetlatish haqidagi arizasi rad etilgan. 

AFP axborot agentligining xabar berishicha, qo‘mita bu masalada qaror qabul qilishdan tiyilib, uni Bosh assambleyada ovozga qo‘yishi mumkin.

Joriy haftada Bosh assambleyada davlatlar rahbarlari chiqish qilmoqda. Ulardan ba'zilari bevosita BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohidan nutq so‘zlashmoqda, ba'zilari BMTga o‘z videomurojaatlarini yo‘llashmoqda.

Top