17:14 / 23.09.2021
39244

Me'yordan ortiq yuk ortgan yuk mashinalari va befarq YPX xodimlari: yo‘llarda xavfsizlikni kim ta'minlaydi?

Keyingi paytlarda tun qorong‘isida yengil avtomobillar yuk avtomobillari ostiga kirib ketib, ayanchli yakun topgan avtohalokatlar haqida ko‘p o‘qimoqdamiz.

19 sentabr kuni Xorazm viloyati Tuproqqal'a tumanida «Tacuma» rusumli avtomobil «Isuzu» yuk avtomobilining ortiga urilishi natijasida 4 kishi, jumladan, bir jurnalist halok bo‘ldi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

O‘zim ham shunday dahshatni boshimdan kechirdim. Mustaqillik bayramiga oilam bilan poytaxtga aylangani borib, qaytayotganimda tunda M39 yo‘lidan qayrilib olayotgan, konturi markirovka qilinmagan yuk mashinasiga urilib ketishimga bir baxya qolgandi.

Xudo ko‘rsatmasin-u, men ham oila a'zolarim bilan yuk mashinasiga to‘qnashib, o‘lib ketganimda yoki mayib bo‘lganimda kim aybdor bo‘lardi?

Shaxsan men yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan, ammo yetarli darajada ishlamayotgan va o‘z xizmat vazifasiga panja orasidan qarayotgan organlarni ayblagan bo‘lar edim.

Yuk mashinalari va avtobuslar markirovka qilinishi kerak

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 apreldagi «Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida»gi №237-sonli qarori bilan umumiy texnik reglament tasdiqlangan.

Qizig‘i shundaki, bu texnik reglamentning o‘zbek tilidagi matni yo‘q. U faqat rus tilida berilgan.

Reglamentning terminlar va aniqlashtiruvchi iboralar bo‘limida konturli markirovka (konturnaya markirovka) uchun tushuntirish berilgan bo‘lsa-da, biror joyda konturli markirovka — transport vositasini yonidan va orqa qismidan shaklini ilg‘ashda yordam beruvchi yorug‘lik qaytaruvchi chiziqli plyonkalar qay tarzda o‘rnatilishi belgilanmagan.

Boz ustiga, texnik reglament yurtimizda ishlab chiqarilib, muomalaga chiqarilayotgan yangi texnika vositalari uchun amal qiladi, shekilli. Mavjudlari va yo‘llarda harakatlanayotganlari uchun-chi? Nega ularning xavfsizligi tartibga solinmayapti?

Orqa qismi va kuzovning yon qismi yorug‘lik qaytaruvchi chiziqli plyonkalar bilan ta'minlanmagan minglab mashinalar tunda yo‘llarimizda avariyaviy holat keltirib yurishibdi.

Konturli markirovkani yuk avtomobillari (hattoki avtobuslar) uchun allaqachon majburiy qilish kerak. Chunki men bilan ro‘y berganidek, gabariti uzun yoki tirkama taqqan yuk avtomashinalari tunda yoritilmagan yo‘llarda qayrilib olayotganda ko‘zga tashlanmaydi va avtohalokatlarga sabab bo‘ladi.

Quyida konturli markirovka turli avtomobillarga qanday chizilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bu allaqachon Yevropa davlatlarida, Rossiya Federatsiyasida ham amalda.

Rossiya Federatsiyasi hukumatining 2009 yil 10 sentyabrdagi 720-sonli qarori bilan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, quyidagi toifa avtomobillarning yon va orqa qismi markirovka qilinishi shart:

N2 — maksimal massasi 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan, lekin 12 tonnadan oshmaydigan, yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositalari;

N3 — maksimal massasi 12 tonnadan ortiq bo‘lgan, yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositalari;

O3 — maksimal massasi 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan, lekin 10 tonnadan oshmaydigan tirkamalar.

O4 — maksimal massasi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan tirkamalar.

Yana bir muhim jihat, iloji bo‘lsa tunda asfalt yo‘l bilan shuvashib ketib, ilg‘ashda xalaqit bermasligi uchun yuk avtomobillarining bort qismlari va tirkamalari kuzovini qora va to‘q tusga emas, majburiy oq rangga bo‘yashni joriy qilish kerak. Albatta, tunda yaxshi ko‘rinishi uchun.

Ikkinchi muammo: ortiqcha yuk ortgan yuk avtomobillari

Albatta, bu ham juda katta muammolardan biri. To‘g‘ri tushunamiz, uzoq yo‘l, yonilg‘i qimmat, bola-chaqani boqish kerak, degan vajlarni keltirishadi. Ammo ruxsat etilganidan ortiq va gabaritdan chiqib turuvchi yuk ortgan avtomobillar harakatini taqiqlash kerak. Buning uchun muntazam postlarda elektron tarozilarni ko‘paytirish, ortiqcha yuk ortgan yuk avtomobillari yuklarining ortiqcha qismi majburiy tushirilishi lozim.

Gabaritdan chiqib, yo‘llarda harakatlanishga xalaqit beruvchi somon, taxta, armatura kabi yuklarni ortgan haydovchilar albatta yo‘l harakati xavfsizligi uchun tahdiddir.

Gabaritdan ortmagan, lekin belgilanganidan ortiqcha yuk ortgan yuk avtomobillari esa g‘ildirak o‘qiga tushuvchi yukning haddan ziyodligi tufayli katta magistrallardan tortib ichki yo‘llargacha asfalt qoplamalarida ariqlar (koleya) hosil qilmoqda.

Nishabliklarda ham g‘adir-budirliklar (garmoshka) hosil qilinmoqda.

Boz ustiga, o‘sha o‘zlari hosil qilgan 2-qatordagi o‘yiq yo‘ldan yurmasdan, yengil avtomobillar qatnovchi, tekisroq birinchi polosaga o‘tib ham olishadi. Ayrim insofini yegan shu kabi haydovchilar chapga burilish chiroqchasini yoqib olishadi, «o‘ng tarafimdan (ya'ni o‘zimiz dabdala qilgan yomon yo‘ldan) quvib o‘t kerak bo‘lsa», degan ma'noda.

Ayniqsa, tosh, qum qaziladigan karerlar atrofidagi yo‘llarga qarab bo‘lmaydi. Nega karerlar jaraq-jaraq daromad olishi kerak-da, u joydan me'yoridan ortiqcha yuk ortgan avtomobillar qatnashi oqibatida dabdala bo‘lgan yo‘l budjet hisobidan to‘g‘irlanishi kerak?

DYHXX xodimlari tashabbus ko‘rsatishi kerak

E'tibor bersangiz, muntazam YPX maskanlarida har bir yuk mashinasini YPX xodimlari to‘xtatishadi. Haydovchi tushib boradi, oralarida qanday muloqot bo‘lib o‘tadi, buni hattoki taxmin ham qila olmayman, ammo YPX xodimlari aksariyat hollarda ortiqcha yuk miqdori va mashinaning texnik holatiga ko‘z yumishadi va mashina yo‘lida davom etaveradi.

Albatta, yuqorida sanab o‘tilganlarning barchasini joriy etishdan maqsad — yo‘llarda avtohalokatlarni va pirovardida insonlar o‘limini kamaytirish. Buning uchun kimlarnidir ortiqcha xarajatga qo‘yish lozim bo‘lsa-da, zarur reglamentlarni qabul qilish, majburiy bajartirib, xavfsizlikni ta'minlash kerak.

Umid qilamanki, Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu vaziyatni chuqur o‘rganib chiqadi va bu borada qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etadi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Top