22:14 / 23.09.2021
13098

«Qonun bor, uni buzganlik uchun javobgarlik yo‘q» - Kusherbayev jurnalistlar himoyasi bo‘yicha qonundagi kamchilik haqida

Deputat Rasul Kusherbayev 23 sentabr kuni «O‘zbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va yechimlar» mavzuida o‘tgan davra suhbatida jurnalistlar himoyasiga oid qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagani sohada ko‘plab muammolarni keltirib chiqarayotganini ta'kidladi.

«Ba'zi holatlarda jurnalistlarning kameralarini sindirib tashlashganini ko‘rdik. Qayergadir jurnalistlarni kiritishmaydi yoki ortidan quvib yurishganini ham ko‘rdik. Bu juda uyatli va kulgili holatlar. Jurnalistni kasb faoliyatiga nisbatan noto‘g‘ri munosabat bo‘lyapti. Hamma, jamoatchilik buni ko‘rdi, bildi. Lekin shuning natijasi nima bo‘ldi? Qanday huquqiy oqibatga olib keldi? Javob yo‘q.

Afsuski, biz jurnalistlar himoyasiga doir qonunni qabul qilgan bo‘lsak ham, uni buzganlik uchun javobgarlik masalasini qabul qilmaganmiz. Mana bizni eng katta muammomiz», – dedi Kusherbayev.

Deputatga ko‘ra, avvalgi chaqiriqdagi parlament deputatlari bu masalada bir necha bor harakat qilib ko‘rishgan. Lekin “ayrim idoralar” buni xohlamagan.

«To‘g‘risi, bunga biz uringanmiz. Buni men ochiq aytaman. Men o‘tgan chaqiriqdagi deputatligimda shu masalani bir necha marta ko‘tarib chiqdim. Harakat qildik, lekin ayrim idoralar buni xohlashmadi.

Deputatga xalaqit beradigan narsa nima? U tayyorlayotgan qonun loyihalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib chiqishi kerak.

Men qaysidir vazirlik bilan jiqqa musht bo‘lsam-da, ertasiga undan tayyorlagan qonunimga qo‘l qo‘yib berishni iltimos qilsam. Bu bizga xalaqit beradi. Qonunni hukumat olib kirsa tezroq o‘tishi mumkin yoki bosh porkuratura. Prezidentda ham tashabbus bildirish huquqi bor.

Bizga to‘siq bo‘layotgani manfaatlar to‘qnashuvi. Bir qator idoralar borki, ularning roziligini olishimiz kerak. Ular rozilik bermasa, qonunni kiritolmaymiz.

Hozir deputatlar qonun tashabbus qilganda boshqa idoralar roziligini olmasa ham bo‘ladigan tizim taklif qilyapmiz. Loyihani tayyorlab qo‘yganmiz.

Xo‘sh, bu masalada xorijiy tajriba qanday degan savol tug‘ilishi mumkin. Xorijda, jumladan, bizga yaqin davlatlarda ham jurnalistni ta'qib qilganlik uchun, faoliyatiga to‘siqlik qilingani uchun javobgarlik bor.

O‘zi umuman so‘z erkinligi bilan bog‘liq qonunlar siyosiy xarakterga ega bo‘ladi. Biror joyiga o‘zgartirish kiritmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda xalqaro tashkilotlarning tanqidiga uchraymiz. Bu juda nozik va siyosiy kursni belgilab berishi mumkin.

Men shuning tarafdorimanki, jurnalistlar himoyasi to‘g‘risida qonun qabul qildikmi, Jinoyat kodeksida uni buzganlik uchun ham jazo belgilab qo‘yishimiz kerak.

Biz yil oxiriga qadar o‘zimizdagi va shu paytga qadar tayyorlangan boshqa loyihalarni birlashtirib muhokamaga olib kiramiz. Balki, yuqori darajalardan ham «olib kiringlar» degan topshiriq bo‘lib qolar. Bunda ishimiz yanada yengillashadi», – dedi u.

Rasul Kusherbayev, shuningdek, jurnalistlarni ham bu mavzuni ko‘proq yoritishga va mas'ullar e'tiborini shu mavzuga tortishga chaqirdi.

«Men OAV vakillariga ham murojaat qilmoqchiman. Sizlar ham bu masalalarni olib chiqinglar, talab qilinglar. Buni qayta-qayta eslataverish kerak», – dedi deputat.

Top