11:52 / 26.09.2021
3175

Surxondaryodagi Tojikistonni O‘zbekiston bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l yomon holatda ekani ma'lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida joylashgan, Tojikistonni O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan bog‘lashda muhim bo‘lgan davlat ahamiyatiga ega 4R100 va 4R105 avtomobil yo‘llari yomon holatda ekanligi haqida videomurojaat tarqaldi. Viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan videolavhada 4R-100 Manguzar-Denov avtomobil yo‘lining Oltinsoy tumani hududidan o‘tuvchi qismi ta'mirtalab ekani qayd qilingan. Mazkur avtomobil yo‘lidan muntazam ravishda tegishli me'yordan og‘ir yuk ortgan yuk mashinalarining harakatlanishi, shuningdek, yo‘lning ta'mirlanish muddati o‘tib ketgani sababli ta'mirtalab holatga kelib qolgan.

«Mazkur Darband-Denov yo‘nalishidagi 4R-105 hamda 4R-100 avtomobil yo‘llari xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari hisobidan 4-tasmali sement-beton qoplamaga o‘tkazgan holda rekonstruksiya qilish belgilangan. Bugungi kunda aloqador vazirlik va idoralar tomonidan xalqaro moliyaviy instituti mablag‘larini jalb qilish va ishlarni boshlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Darband-Denov yo‘lidan Surxondaryoning bir nechta tumanlari aholisi foydalanadi. Shuningdek, ushbu yo‘l Tojikistondan O‘zbekistonning boshqa hududlariga chiqishda foydalanadigan asosiy yo‘l hisoblanadi. Qo‘shni mamlakatdan O‘zbekistonning boshqa hududlariga boradigan turli mashinalar Denovgacha M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘li bilan harakatlanib keladi va Darband-Denov yo‘li orqali M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘liga chiqadi.

Top