09:55 / 27.09.2021
3494

Vengriya O‘zbekiston shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Foto: uzbektourism.uz

Vengriya O‘zbekiston shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashuvida ma'lum bo‘ldi.

Uchrashuvda sayyohlar almashinuvini qayta tiklash hamda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish asosiy masalalaridan biri bo‘ldi. Shu munosabat bilan tomonlar «WizzAir» aviakompaniyasi tomonidan «Budapesht – Samarqand» to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarini yo‘lga qo‘yish masalasini ham muhokama qildi.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Budapeshtdan O‘zbekistonning Samarqand, Toshkent va Buxoro kabi yirik shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirilishiga qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston aeroportlarida xizmat ko‘rsatish shartlarini ta'minlashda va aviaqatnovlarga oid bitim imzolanishida ko‘makka umid bildirdi.

O‘zbekiston tomoni yaqin vaqt ichida Vengriya aviatashuvchisiga ushbu reysni ishga tushirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Top