15:19 / 28.09.2021
6241

«Oson kredit!» yoxud kiberfiribgarlar nayrangidan ehtiyot bo‘ling

Kun.uz'ga internet orqali kredit rasmiylashtirishni va'da qilib, fuqarolarning plastik kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan pul yechib olinayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.

Ma'lum qilinishicha, firibgarlar O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan «OSON» to‘lov tizimi nomidan foydalanib, telegram messenjerida kanal va bot yaratishgan. Kanal mualliflari murojaatchilarga 5 mln so‘mdan 50 mln so‘mgacha kreditni rasmiylashtirib berish uchun ularning pasport va plastik karta ma'lumotlarini so‘raydi.

Shaxsiy ma'lumotlar taqdim qilingach, firibgarlar fuqaroga noma'lum akkaunt orqali yozib, uning plastik kartasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kelgan SMS kodni aytishini so‘ragan. Bunga sabab sifatida ular tomonidan kartadagi pul miqdori nazorat qilib turilishi aytilgan.

Murojaatchining aytishicha, u shubhali tuyulgani uchun noma'lum shaxslarga karta ma'lumotlarini taqdim qilmagan. Boshqa kompaniyaning tanituvchi belgilari va obro‘yidan foydalangan holda faoliyat yurituvchi kompaniya necha kishini chuv tushirgani ma'lum emas.

Kun.uz bilan suhbatlashgan «OSON» kompaniyasi mutaxassisi firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning plastik kartalaridan pul yechib olayotgan ushbu telegram bot va uning mualliflarining kompaniyaga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Ma'lum qilinishicha, «OSON» kompaniyasi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali mijozlarini shu kabi soxta akkauntlardan ogohlantirgan.

«Shuningdek, turli xil sotib olish va sotishga mo‘ljallangan internet saytlarida firibgarlar sizning kartangizga pul o‘tkazish uchun deya xavfsizlik kodini so‘rashi mumkin. Ehtiyot bo‘ling, kartangiz ma'lumotlarini uchinchi shaxslarga taqdim etmang va SMS orqali kelgan kodni bermang», deyiladi kompaniyaning rasmiy bayonotida.

Avvalroq Kun.uz'da e'lon qilingan xayriya aksiyalaridagi moddiy va ma'naviy yordamga muhtoj, davolanish uchun so‘nggi umidi bo‘lgan fuqarolarning plastik kartalariga tushgan pullar ham firibgarlik yo‘li bilan yechib olinayotgani ma'lum qilingan edi.  

Top