11:23 / 30.09.2021
2681

Moliya vazirligi va «Vneshekonombank» o‘rtasida 95ta nasos stansiyasi modernizatsiyasi bo‘yicha qarz bitimi imzolandi

Moliya vazirligi va Rossiya Tashqi iqtisodiy banki o‘rtasida "Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish" loyihasi doirasida qarz bitimi imzolandi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 213,5 mln yevroni tashkil etib, shundan 146 mln yevro “Vneshekonombank” krediti hisobidan va 31,5 mln yevro O‘zbekiston kapital qo‘yilma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Bildirilishicha, loyihani amalga oshirish natijasida qo‘shimcha o‘zlashtiriladigan 40 ming gektar maydonda eksportbop mahsulotlar yetishtirilishi, 355 ming gektar maydonda hosildorlik 10-12 sentnerga oshishi va 80 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi hisobiga ushbu qarzlarni qaytarish imkonini yaratadi. 

Loyiha doirasida Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi 28ta tumanda 95ta nasos stansiya modernizatsiya qilinadi, nasos agregatlari yangilanadi va boshqaruv avtomatlashtiriladi.

Top