16:13 / 30.09.2021
6574

Profilaktika inspektorlariga sudga bormasdan ma'muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda

Bugun, 30 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun ma'qullandi.

Ma'lum qilinishicha, hujjat bilan fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirish, o‘z hududida jinoyatlar sonini kamaytirish maqsadida profilaktika (katta) inspektorlarining vakolatlari kengaytirilmoqda. «Ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha yarashuv instituti»ni joriy etish orqali ma'muriy ish ishtirokchilarining yarashganligi munosabati bilan ma'muriy javobgarlikdan ozod qilish bo‘yicha norma kiritilmoqda.

Senatorlarning ma'lum qilishicha, ma'muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika (katta) inspektorlariga berilishi natijasida huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organlar yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarni ortiqcha xarajat va sarsongarchilikdan saqlaydi.

Shuningdek, bojxona qonunchiligini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim ma'muriy huquqbuzarliklarni Davlat bojxona qo‘mitasida mavjud avtomatlashtirilgan axborot tizimlari yordamida qayd qilish, inson omilini kamaytirish va huquqbuzarlik holatlarini soddalashtirilgan holda ko‘rib chiqish tartibi joriy etilishi nazarda tutilmoqda. Shu maqsadda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 2 ta modda bilan to‘ldirilib, uning 9 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mavzuga oid
Top