15:09 / 01.10.2021
10245

Saakashvili Gruziyaga kelganini aytdi. U o‘z tarafdorlari bilan «saylovlar natijalarini himoya qilmoqchi»

Gruziyaning sobiq prezidenti, ko‘p yillardan buyon qamoqqa tushish tahdidi tufayli o‘z vatanida bo‘lmagan Mixail Saakashvili ayni vaqtda Batumida bo‘lib turganini ma'lum qildi. U Gruziyaga qaytishi va gruziyaliklarni 2 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlar vaqtida qo‘llab turishini va'da qilgandi.

«Xayrli tong Gruziya, Gruziyadan ketganimdan beri sakkiz yil o‘tibdi», deya yozgan sobiq prezident feysbukdagi sahifasida. 

Siyosatchi shuningdek, Batumida ekanligini ta'kidlagan videoyozuvni ham e'lon qildi va unda shunday degan: «Bu yerlarni juda sog‘ingandim. Bugun orzum amalga oshdi. Sizga Batumidan salom yo‘llayman va barchani 2 oktabr kungi mahalliy saylovlarga borishga chaqiraman. Biz g‘alaba qozonishimiz shart va g‘alabani birga nishonlaymiz».

Kadrlar xiralashtirilgan va Saakashvilining aynan qayerdaligini aniqlashtirib bo‘lmaydi.

Gruziya IIV ushbu siyosatchi mamlakat chegarasini kesib o‘tgani haqidagi ma'lumotga ega emasligini bildirgan. 

Saakashvili partiyasi matbuot xizmatidagilar, hozircha uning Gruziyaga kelgani haqidagi ma'lumotni rasman tasdiqlay olmasligini bildirgan, RIA Novosti xabariga ko‘ra, bu ma'lumot aniqlashtirilmoqda. Saakashvilining Ukrainadagi ofisida esa u o‘tgan tunda Kiyevni tark etgani va ayni vaqtda chindan ham Gruziyada bo‘lib turganini ma'lum qilishgan.

«Gruziya orzusi» partiyasi raisi Irakliy Kobaxidze Saakashvili mamlakat hududida emasligini ta'kidladi. «Saakashvili Batumida emas. Mixail Saakashvilining videosi Gruziyada yozilmagan», dedi u.

Shu partiya yetakchilaridan yana biri Givi Mikanadze «Saakashvili tomonidan tarqatilgan videokadrlar» feykligi va «navbatdagi masxarabozlik» ekanini ta'kidlagan.

Keyinroq Saakashvili feysbukdagi sahifasida yana bir bor o‘z tarafdorlarini 2 oktabr kungi saylovlarga chiqishga, keyingi kuni, yakshanbada «saylov natijalarini himoya qilish» uchun Tbilisi tomon yurish qilishga chaqirdi.

Sobiq prezident shunday kolonnalardan biriga qo‘shilish niyatida ekanini bildirgan. «Agar bunga qadar uzurpator hukumat meni qo‘lga olsa, bu faqat bizning kuchimizga kuch qo‘shishi kerak. Har qanday holda ham men chekinmoqchi emasman, va umid qilamanki, siz ham», deya yozgan Saakashvili.

Gruziya va Ukrainada ochilgan jinoyat ishlari
Saakashvili Gruziyani 2013 yilda tark etgan. Gruziya prokuraturasi unga to‘rtta modda bo‘yicha jinoiy ishlar ochgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha sobiq prezident jazoga hukm qilingan.

Siyosatchi shu vaqtga qadar Ukrainada yashab kelgan, bu yerda u ma'lum vaqt mobaynida Odessa oblasti ma'muriyati rahbari lavozimini egallagan.

Saakashvili 2015 yil mayida Ukraina fuqaroligini olgan. 2017 yil iyulida prezident Petro Poroshenko o‘z farmoni bilan uning fuqaroligini bekor qilgan. Bu vaqtda gruzinlarning sobiq prezidenti AQShda bo‘lib turgandi. Ukrainaning keyingi prezidenti Vladimir Zelenskiy unga ukrain pasportini qaytardi, shundan so‘ng u Saakashvili Ukrainaga qaytdi.

27 sentabr kuni Saakashvili Tbilisiga aviachipta sotib olgani, 2 oktabr kuni kechqurun, Gruziyada mahalliy boshqaruv organlari uchun saylovlar yakunlangan vaqtda u poytaxtda bo‘lishini ma'lum qilgandi. U Kiyevdan Tbilisiga shu kuni uchadigan samolyotga aviachipta suratini ham ilova qilgandi.

«Saylov uchastkalari yopilgandan keyin erishgan g‘alabamizni himoya qilish uchun hammamiz shaharlar va qishloqlar ko‘chalariga chiqishimiz lozim. Men bu jarayondan chetda qololmayman. 2 oktabr kechki vaqt Tbilisida bo‘laman», deya yozgandi o‘shanda Saakashvili.

Gruziya hukumati bir necha marta sobiq prezident mamlakatga qaytgan zahoti hibsga olinishini ma'lum qilgandi. Bu safar ham hukumat vakillari Saakashvilini uni qamoqxonaga kuzatib qo‘yish uchun kutishayotgani haqida ogohlantirishdi.

Joriy yil fevralida Gruziya politsiyasi Mixail Saakashvili tomonidan asos solingan «Yagona milliy harakat» (YaMH) muxolifat partiyasi yetakchisi Nikanor Meliyani hibsga olgandi. U 2019 yilda tartibsizliklar uyushtirganlikda va Gruziya parlamentiga qilingan hujumda ishtirok etganlikda ayblangan.

Saakashvili partiyani boshqarish davomida hokimiyatga egalik qilib kelgan, ammo 2012 yilgi parlament saylovlarida partiya biznesmen Bidzina Ivanishvili tomonidan asos solingan «Gruziya orzusi» ittifoqiga yutqazgandi.

Agar «Gruziya orzusi» ertaga mahalliy saylovlarda 43 foizdan kam ovoz yig‘sa, kelishuvga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatda muddatidan avvalgi parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top