18:44 / 02.10.2021
9392

Oliy ta'lim vaziri magistraturaga qo‘shimcha qabul bo‘yicha ma'lumot berdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Xalqaro press-klubning 2 oktabr kuni Oliy ta'limga bag‘ishlangan navbatdagi sonida magistraturaga qo‘shimcha qabullar borasida ma'lumot berdi.

«Biz o‘tgan yili bu borada birinchi qadamni qo‘ygan edik. Unga ko‘ra, avvallari magistratura imtihonlarida mutaxassislik fanidan 55 balldan kam to‘plagan abituriyentlar keyingi bosqichga kiritilmas edi. Endilikda o‘sha tartib o‘zgarib, abituriyentlar testga kiritildi.

Biz hozir Vazirlar Mahkamasiga o‘sha abituriyentlarni ham magistraturaga qabul qilish bo‘yicha taklif berdik. Ammo bu yerda yana bir narsani esdan chiqarmaslik kerakki, oliy ta'lim muassasasi o‘zining moddiy texnik ba'zasi va ilmiy salohiyatidan kelib chiqib  hal qiladi.

Bunda qabul kontrakt asosida bo‘ladi va uning miqdori bir magistrantning bir yillik o‘quv xarajatlaridan kelib chiqadi. Bu bazaviy kontrakt miqdoridan biroz yuqori bo‘lishi mumkin.

Biz bu bo‘yicha yaqin 1 haftada e'lon beramiz. Qabul ballar ketma-ketligida bo‘ladi.

Men hozir bakalavr bosqichida o‘qiyotgan va keyingi yil magistraturaga kirish niyatida bo‘lgan talabalarga ham eslatmoqchiman: keyingi yildan xorijiy til bilish bo‘yicha sertifikati bo‘lmagan talabaning hatto hujjati ham magistraturaga qabul qilinmaydi. Bu xorijiy tajriba. Xorijiy tilni o‘rganish uchun esa bir yil yetarli.

Hozir chet tiliga shunchalik urg‘u berish shartmi degan e'tirozlar bildirilyapti, lekin til bilgan dunyo biladi. Talabaning bilimini, akademik bilimini oshirish uchun ham chet tillaridan imtihonlar va talablar qo‘yilmoqda. Bu talablar doktaranturaga ham tegishli», – deya vazir Abduqodir Toshqulov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi oliy ta'limda o‘qish uchun to‘lov-kontrakt miqdorlarini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top