21:00 / 03.10.2021
39300

Grin-karta mojarosi bo‘yicha sud qarori: 350 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan ish bo‘yicha 6914 ta viza zaxiraga olindi

Foto: Shutterstock

Kolumbiya okrug sudining 30 sentyabrda “Mr. Goodluck v. Biden” (“Janob Gudlak Baydenga qarshi”) deb nomlangan ish bo‘yicha qarori e'lon qilindi. Da'voni ko‘rib chiqqan sudya Amit Mehta AQSh Davlat departamenti zimmasiga DV-2021 g‘oliblari uchun 6914 ta viza zaxiralash majburiyatini yuklagan.

«Sud DV-2021 g‘oliblari uchun 6914 ta viza zaxiraga olinishi haqida qaror chiqardi. Bu da'vogarlar tomonidan talab etilgan, 2021 moliyaviy yilda berilgan DV vizalarning 31 foizini tashkil etadi. Sudya nima uchun bu qarorga kelgani, nega barcha da'vogarlar uchun vizalar zaxiralanmagani haqida izoh bergani yo‘q, shu bois bu haqdagi muhokamalardan ayni paytda foyda yo‘q deb o‘ylayman.

Sud tomonidan zaxiralangan 6914 ta viza kimlarga berilishi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bu vizani olish uchun DV-2021 g‘oliblari DQ bo‘lgan, ya'ni hujjatlari ko‘rib chiqilib, kvalifikatsiya qilingan hamda suhbat uchun tayyorlangan bo‘lishi kerak. Bu bosqichga yetib bormagan da'vogarlarda viza olish uchun imkoniyat juda kam, biroq umid qilsa bo‘ladi.

Qolaversa, 6914 ta viza faqat grin-karta g‘oliblariga emas, balki uning oila a'zolariga beriladigan vizalarni ko‘zda tutadi. Deylik, DV-2021 g‘olibi anketaga o‘zi bilan birga 4 nafar oila a'zosining ma'lumotlarini ham kiritgan bo‘lsa, uning hujjatlari DQ bo‘lgan hamda u “Mr. Goodluck v. Biden” sud ishida qatnashgan bo‘lsa, 6914 vizaning 4 tasi bitta oilaga beriladi», deydi sudda da'vogarlar manfaatlarini himoya qilayotgan amerikalik advokat Kyortis Morrison va o‘zbekistonliklar o‘rtasida vositachilik qilgan O‘tkir Rahmatullayev.

Rahmatullayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda “Mr. Goodluck v. Biden” ishi doirasidagi 22203 nafar da'vogardan nechtasining hujjatlari DQ maqomida ekanini bilmasligini aytdi. Uning ta'kidlashicha, mazkur sud ishida qatnashgan 350 nafar o‘zbekistonlikning 99 nafarining hujjati ko‘rib chiqilib, suhbatga tayyorlangan. U hujjatlari AQSh elchixonasi tomonidan ko‘rib chiqilgan, biroq pandemiya sababli suhbatga chaqirilmagan da'vogarlarning qanchasiga viza berilishi kerakligiga amerikalik advokat Kyortis Morrison oydinlik kiritishini aytmoqda.

Kyortis Morrison va uning jamoasi sud qarori e'lon qilingach, sud ishida qatnashgan har bir ishtirokchining elektron pochtasiga xat yuborib, kurash hali tugamaganini ma'lum qilgan.

“Kurash tugagani yo‘q. Endi sizning manfaatlaringizni himoya qilayotgan huquqshunoslar jamoasi zaxiralangan vizalar berilishi oldidan xulosa chiqarish uchun sudga iltimosnoma kiritishi kerak bo‘ladi. Bu jarayon 2022 yilning aprelidan oldin boshlanmaydi. Bu eng yaqin muddat”, deyiladi xatda.

O‘tkir Rahmatullayevning aytishicha, 6914 ta vizani berish qachon boshlanishi hozircha noma'lum. Chunki 2022 yilda yana bir sud qarori chiqarilishi kerak, ungacha bu borada hech qanday o‘zgarish bo‘lishini kutish foydasiz.

“Shuni alohida ta'kidlab o‘tishim kerakki, 6914 ta viza faqat sudda qatnashgan grin-kartachilargagina beriladi. Shunda ham ularning hujjatlari elchixona tomonidan ko‘rib chiqilib, viza berilishi yoki berilmasligi hal bo‘ladigan konsul bilan suhbat uchun tavsiya qilingan, ya'ni DQ bo‘lgan bo‘lishi kerak. Vizalar qachondan berilishi sudning yakuniy qaroridan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

Sudda qatnashmaganlar uchun viza berilmaydi. Chunki bu sud qarorida aniq ko‘rsatilgan. Shu bois DV-2021 dasturida g‘olib bo‘lgan, hujjatlari elchixona tomonidan ko‘rib chiqilib, konsul bilan suhbatga tavsiya etilgan bo‘lsa-da, ammo “Mr. Goodluck v. Biden” ishida da'vogar bo‘lmagan shaxslar grin-karta olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi.

Sudda qatnashmagan grin-kartachilarning yagona umidi AQSh Kongressi tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilayotgan qonun loyihasidan. Ushbu loyihaga ko‘ra DV dasturida g‘olib bo‘lgan 55 ming kishining barchasiga viza berilishi ko‘zda tutilgan. Agar Kongress bu qonun loyihasini ko‘rib chiqmaydigan bo‘lsa, unda sudda qatnashmaganlarning grin-karta dasturida ishtiroki kuniga yetadi”, deya O‘tkir Rahmatullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq bir guruh o‘zbekistonliklar AQShning Toshkentdagi elchixonasi DV-2021 dasturi g‘oliblariga viza berishda sustkashlik qilayotgani, 16 sentyabrdan buyon atigi 41 kishi suhbatga chaqirilganidan shikoyat qilishgan edi. Jarayondan xabardor vatandoshlar Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 28 sentabr kuni o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng 40 nafar o‘zbekistonlikka DV vizasi berilgan.

Top