10:43 / 03.10.2021
37988

Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan sirtlon ovlangani aytildi. Uni cho‘ponlarning itlari o‘ldirgan bo‘lib chiqdi

Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 16 dona sirtlondan (yoldor bo‘ri) biri o‘ldirilgani haqida xabar tarqaldi. Ekologik partiya bu xabarlar yuzasidan o‘rganish natijalarini ma'lum qildi.

2 oktabr kuni Telegram’dagi «Ekologuz» kanalida ikki kishi jonsiz sirtlon oldida tushgan suratni e'lon qildi.

«Shuni o‘ldirib, shu cho‘ponlar, balki ovchilar baraka topdimi? Yoki o‘zining naqadar qahramonligini ko‘rsatmoqdami? Kim bo‘lishidan qat'i nazar mazkur shaxslar javobgarlikka tortilishi shart», — deyiladi xabarda.

Ekologik partiya holat yuzasidan Uzun tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi va tuman IIB tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganini ma'lum qildi.

Surishtiruv davomida aniqlanishicha, Uzun tumani «Mustaqillik» mahallasida yashovchi fuqaro P.O.da ovchilik qilish uchun qurol yo‘q va u ovchilik uyushmasiga a'zo bo‘lmagan. U 2021 yilning fevral oyida tumanning «Xursand» mahallasi hududidagi fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonida qo‘ylarini boqib kelgan. Yarim tunda sirtlon cho‘ponning qo‘ylariga hujum qilgan, 5ta it qo‘ylarni himoya qilish maqsadida giyenaga jarohat yetkazgan. Orttirilgan jarohatlar sirtlonning o‘limiga sabab bo‘lgan. O‘ldirilgan hayvon ertasi kuni cho‘ponlar tomonidan suratga tushirilgan.

«O‘zbekiston Ekologik partiyasi yovvoyi hayvonlarni ovlash va ularning o‘limiga sabab bo‘ladigan har qanday harakatlarni keskin qoralaydi. Ona tabiatning ajralmas qismi bo‘lgan noyob va kamayib borayotgan hayvonlarni har tomonlama muhofaza qilish, hayvonot dunyosiga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va qonun talablariga so‘zsiz rioya qilishga chaqiradi», — deyiladi xabarda.

Yoldor bo‘rilar butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi. O‘tmishda Janubiy Ustyurtda, Amudaryo qayirlarining quyi va o‘rta oqimlarida, Sheroboddaryo etaklarida, Ko‘hitang tizmasining sharqiy yonbag‘rida tarqalgan. Hozirda Bobotog‘ tog‘oldi tizmasining shimoliy qismida va Surxondaryo etagida qayd etilgan. O‘zbekistondan tashqarida: Turkmaniston, Eron, Kavkaz va Kavkazorti, Iroq, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston yarimoroli, Arabiston yarimoroli, Afrikada yashaydi.

Top