10:01 / 05.10.2021
2635

Mahsulotlar eksportida tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi tasdiqlandi 

Hukumat qarori bilan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Eksport qiluvchiga kompensatsiya taqdim etilishi uchun:

  • eksport qiluvchi O‘zbekistonda davlat ro‘yxatiga olingan;
  • mahsulotlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan;
  • mahsulotlar O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lmagan davlatlarga eksport qilingan (Afg‘onistonga eksport qilingan va qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
  • mahsulotlar eksport rejimiga joylashtirilgan (5000 AQSh dollarigacha mahsulotlarning pochta jo‘natmalari orqali eksporti mustasno);
  • eksport shartnomasida mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari eksport qiluvchi zimmasiga yuklangan va to‘lovlar eksport qiluvchi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi kerak.

Ariza va tegishli hujjatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligiga bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda, agentlik veb-sayti orqali taqdim etiladi.

Eksport qiluvchi arizasi bo‘yicha kompensatsiya berish yuzasidan qaror (xulosa) vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi. Bunda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lov undirilmaydi.

Quyidagilar kompensatsiya to‘lashni rad etishga asos bo‘ladi: hujjatlarning belgilangan talablarga nomuvofiqligi; hujjatlarda noto‘g‘ri, ishonchsiz ma'lumotlar mavjudligi yoki ma'lumotlarni buzib ko‘rsatish; joriy yil uchun ajratilgan subsidiya tugaganida. Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplab berilishi mumkin.

Top