19:20 / 06.10.2021
14078

Afg‘onistonning sobiq prezidenti mamlakatdan qochishni oldindan rejalashtirgan - manba

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani Afg‘onistondan qochishni oldindan rejalashtirgan. Bu haqda 1TV afg‘on telekanali xabar berdi.  

Foto: Reuters

Telekanal manbasi ma'lumotlariga ko‘ra, G‘ani Kobul toliblar nazoratiga o‘tishidan bir oy oldin mamlakatdan chiqib ketish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaza boshlagan.

Shu bilan birga, avvalgi hukumat mamlakatdan katta miqdorda pul olib chiqishga bir haftadan ko‘proq tayyorlangan. 

15 avgustda “Tolibon” Kobulga kirgach, Ashraf G‘ani iste'foga chiqqanini e'lon qilgan va o‘z oilasi bilan birga BAAga uchib ketgan. Guvohlarning ta'kidlashicha, u o‘zi bilan birga katta miqdorda pul olib ketgan. Keyinroq G‘anining o‘zi bu xabarlarni rad etgan va mamlakatni “faqatgina bir ko‘ylak, salla va tuflida” tark etganini aytgan.

Afg‘oniston OAVning ta'kidlashicha, bir nechta yuqori lavozimli mansabdor shaxslar G‘anining qarindoshlarini Kobul ishg‘ol qilinishidan bir necha kun oldinoq BAAga olib chiqishni rejalashtirgan.

Avvalroq G‘ani bilan mamlakatni tark etgan shaxslardan biri Kobuldan qochish vaqtida prezident qarorgohida favqulodda vaziyat uchun shay turgan bir nechta vertolyotdan foydalanilgani, sobiq prezident bilan Afg‘onistonni umumiy hisobda 54 kishi, jumladan, 22 uchuvchi va texnik xodim hamda 22 tansoqchi tark etganini ma'lum qilgan.

Top