17:53 / 06.10.2021
14233

Foto: Qashqadaryodagi maktabda o‘quvchilar poli chirib ketgan sportzalda shug‘ullanyapti

Foto: Qashqadaryo xalq ta'limi boshqarmasi

5 oktabr kuni Qashqadaryo | Kun.uz telegram kanalida Shahrisabzdagi maktablardan birida o‘quvchilar poli chirib ketgan sportzalda shug‘ullanayotgani haqida xabar berilgandi. Viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra sportzalning pol qismi yengil ta'mirlab beriladi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Qashqadaryo | Kun.uz telegram kanalida berilgan xabardagi holat Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari va tegishli mas'ullar ishtirokida o‘rganilmoqda.

Foto: Qashqadaryo xalq ta'limi boshqarmasi

Shahrisabz tumani xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 58-maktab «G‘ilon» MFYga qarashli G‘ilon qishlog‘ida joylashgan. Mazkur maktab 1967 yil qurilgan. 2014 yilda 200 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirilgan. Mavjud 2ta 240 o‘rinli o‘quv binolari mukammal ta'mirlangan.

2019 yilda maktab filialiga davlat investitsiya dasturi asosida 96 o‘rinli o‘quv binosi qurilgan. Shundan so‘ng, maktabning jami quvvati 776 o‘rinli bo‘lgan. Hozirgi kunda bu yerda 557 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda.

Foto: Qashqadaryo xalq ta'limi boshqarmasi

Maktabning 12x24 metr o‘lchamdagi sport zali 2007 yil qurilgan. Maktab tog‘li hududda joylashgani, yerosti suvlari yer yuzasiga yaqinligi, namgarchilik yuqoriligi natijasida sport zalining pol qismi juda tez vaqtda yaroqsiz holatga kelgan.

«2022 yilda mahalliy budjet hisobidan maktab sport zalining pol qismini yangidan ta'mirlash rejalashtirilgan. Hozirda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, maktab sport zalini birlamchi ta'mirlash choralari ko‘rilmoqda», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid
Top