17:30 / 06.10.2021
7592

Shavkat Mirziyoyev amerikalik kongressmenlarni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 oktabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Don Beykon, Dug Lamborn, Troy Nels va Avgust Pflyugerdan iborat delegatsiyasini qabul qildi.

AQSh delegatsiyasi ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga doir kelishuvlar doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari parlamentlar darajasidagi faol aloqalar va samarali almashinuvlarni, ular O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganini yuksak baholadi.

«AQSh Kongressida tashkil etilgan O‘zbekiston bo‘yicha kokus – do‘stlikni mustahkamlash va konstruktiv muloqotni ilgari surish bo‘yicha parlament guruhining nufuzi ortib bormoqda, faoliyati kengaymoqda. Bugungi kunda Kokus tomonidan ko‘p qirrali hamkorlikni va mamlakatimizdagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator muhim loyihalar ilgari surilgan.

Kongressmenlar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar strategiyasi mamlakat barqaror taraqqiyotining muhim omili ekani hamda uning xalqaro maydondagi obro‘si sezilarli darajada yuksalishiga xizmat qilganini alohida ta'kidladilar», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Afg‘onistondagi insonparvarlik operatsiyalari qo‘llab-quvvatlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

Suhbat chog‘ida parlamentlararo yo‘nalish bilan bir qatorda AQSh delegatsiyasi a'zolari vakillik qilayotgan yetakchi shtatlar - Nebraska, Kolorado va Texas bilan hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlar muhokama qilindi.

Innovatsiyalar va sanoat texnologiyalari, IT sohasi, qishloq xo‘jaligi, «yashil» energetika, sog‘liqni saqlash va ta'limda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma «yo‘l xarita»sini tayyorlash va ishbilarmonlik missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Top