21:08 / 07.10.2021
3744

«Agrologistik markazlar qurish orqali mahsulotlarning narxi va eksport salohiyatimizni ushlab turishga intilyapmiz» - vazirlik mulozimi

7 oktabr kuni Milliy matbuot markazida Qishloq xo‘jaligi vazirligining so‘nggi 5 yillik faoliyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligining to‘g‘ri rejalashtirishi yo‘qligi sabab har yili O‘zbekistonda minglab tonna sabzavot va meva mahsulotlari sotilmasdan yo‘qotilayotgani yoki o‘z narxidan ancha past narxda sotilayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi.

Savol yuzasidan vazirlik boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov fikrlarini bildirar ekan, vazirlik ayni paytda viloyatlarda mahsulotlarni uzoq muddatga saqlab turish uchun mo‘ljallangan agrologistik markazlar qurilayotganini bildirdi.

Zafar Ortiqov

«To‘g‘ri, pishiqchilik davri kelganda masalan, Surxondaryoda piyozning yoki karamning narxi keskin tushib ketishi bor holat. Biz har yili joylardan bu bo‘yicha taklif olamiz. Har bir tumanda o‘z bo‘limlarimiz bor. Fermer xo‘jaliklari ularga o‘z takliflarini beradi. Masalan, bu yil sabzavotning o‘ziga barcha toifa xo‘jaliklari uchun 11 mln tonna, poliz mahsulotlariga esa 2.3 mln tonna hosil reja qilganmiz.

To‘g‘ri, siz aytgan holatlar ham bor. Bu qishloq xo‘jaligi uchun juda katta muammo. Bu borada bizning maqsadimiz tez ayniydigan mahsulotlarni saqlaydigan omborlar qurishdir. Bu orqali narx yil davomida bir xil ushlab turiladi.

Hozir shu yo‘lda vazirlik tomonidan juda katta hajmdagi agrologistik markazlar tashkil etilyapti. Masalan, ulardan birinchisi Toshkent viloyatida tashkil etiladi. Qolganlari vodiy viloyatlarida va Surxondaryoda quriladi. Bular orqali narx ham ushlab turiladi, eksport salohiyati ham.

Masalan, bu yilgi sabzi narxi ko‘tarilib, piyozning esa tushib ketishi biz tomonimizdan tahlil qilingandi», – dedi mulozim.

Vazirlikning yana bir boshqarma boshlig‘i Shuhrat Omonovga ko‘ra, 2021 yilda hukumatning ayni mazkur masala bo‘yicha qarori ham qabul qilindi.

«Unga ko‘ra yagona elektron platforma yaratiladi va qayerda qancha va qanday navli ekin yetishtirilayotganini hisobi yuritiladi. Hozirgi kunda bu platforma ishlab chiqilish jarayonida. Kelgusi yildan boshlab biz qayerda qancha hosil bo‘lishini bilamiz», – dedi u.

Tadbirda ta'kidlanishicha, 2017-21 yillar davomida Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davomida qishloq xo‘jaligi sohasida 17 ta qonun, prezidentning 29 ta farmoni va 143 ta qarori, hukumatning 183 ta qarori qabul qilingan.

Shuningdek, 2020 yilda 90 ga yaqin meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etilib, ular tomonidan 78,8 ming gektar maydonda 1,2 mln tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 2021 yilda ularning faoliyati rivojlantirilib, soni 146 taga, yer maydoni 116 ming gektarga yetkazildi va yil yakunigacha 2.7 mln tonna mahsulot yetishtirilgan.

Top