17:07 / 08.10.2021
8164

Namanganda soxta 7 ming dollar yoqib yuborildi 

2021 yilning 20 fevral kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir mobaynida soxta pulni muomalaga kiritish payida bo‘lgan fuqarolar fosh etildi. 

Aniqlanishicha, Yangiqo‘rg‘on va Uychi tumanlarida yashovchi 2 nafar hamda tergov davomida shaxsni aniqlash imkoni bo‘lmagan “Janish” ismli fuqarolar oldindan til biriktirib, qiymati 50 AQSh dollari bo‘lgan jami 141 dona qalbaki bank biletlarini o‘tkazish vaqtida ushlangan.  

Sud mazkur jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalarini har taraflama, sinchiklab o‘rganib, sudlanuvchilar  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari bilan aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 

Ish bo‘yicha daliliy ashyo tariqasida olingan qalbaki 141 dona 50  AQSh dollarini tegishli tartibda yo‘q qilish belgilangan edi. 8 oktabr kuni ijro hujjati ijrosini ta'minlash maqsadida tadbir tashkil etilib, qalbaki dollar tegishli tartibda yoqib yuborildi.

Top