12:24 / 08.10.2021
36860

«Surxon xalqining boshiga tuhmatlar, bo‘htonlar bo‘lgani ham rost» – Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

O‘zLiDep tomonidan tashkillashtirilayotgan uchrashuvlardan navbatdagisi, Surxondaryo viloyatidagi tadbirga Shavkat Mirziyoyev “Inson qadri” qo‘shig‘i sadolari ostida kirib keldi. Surxondaryolik tarafdorlar “Mirziyoyev” deya hayqirishda juda faol bo‘ldilar. 

Foto: Milliy mass-media fondi

Termiz shahridagi “Muz saroyi” kompleksida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvni Surxondaryo viloyat xalq qabulxonasi mudiri Abduhakim Eshmurodov ochib berdi va olib bordi. An'anaga ko‘ra moderator nomzodni tanishtirishga hojat yo‘qligi, viloyat bo‘yicha erishilgan yutuqlar, ayniqsa “To‘palang” suv omboridan suv keltirish bo‘yicha katta loyihaga to‘xtaldi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyevga so‘z berildi.

“Assalomu alaykum qadrli, mehribon Surxon xalqi. Bu zamindagi har bir harakatlarimiz ko‘z o‘ngimda. Prezidentlikka qadar ham nima qilsak, Surxon elining og‘iri yengil bo‘lishi bo‘yicha bosh qotirganmiz. Albatta, bugun sizlar bilan Yangi O‘zbekistonning keyingi 5 yillik rejalari haqida gaplashamiz, shu paytgacha nimalarga erishdik, degan savolga javob izlaymiz. 5 yil oldingi rejalarimizga o‘zimiz ham ishonmagandik. Lekin eng katta vazifamiz xalqni rozi qilish. Surxondaryoda ham shu 5 yilda qilingan o‘zgarishlarni adolatli hakam bo‘lsa, e'tirof etadi. 

Shiddatli, tahlikali zamonda yashayapmiz, pandemiya oqibatlari bilan kurashyapmiz. 2020 yil 14 mart kuni bu kasallik Fransiyadan kirib kelgani ilk bor aniqlangandayoq aytganman – endi bu kasallik bilan kurashib yashashga o‘rganishimiz kerak, deganman. Ko‘ryapsiz, katta-katta davlatlarda ham har kuni yuzlab odamlar vafot etyapti. Qattiq jang ketyapti. Ilohim ko‘z tegmasin, kasallik tarqalishi bizda ancha kamaydi, choralar o‘z ta'sirini ko‘rsata boshladi. Lekin ehtiyotkorlikni susaytirmasligimiz kerak.
 
Biz bu 5 yilda katta tajriba orttirdik, iqtisodimizni kuchaytirishga harakat qildik. Shunday davr bo‘ldiki, Surxondaryoda tadbirkorlik yo‘q edi, yo‘q bo‘lib ketgandi. Surxon xalqining boshiga tuhmatlar, bo‘htonlar bo‘lgani ham rost. Eng katta yutug‘imiz Konstitutsiyamiz bergan erkinlik ta'minlanayotgani bo‘ldi. Inson qadri degani oddiy tilda aytganda xotirjamlik, erkin nafas olish va bir-birimizga ishonch tug‘ilgani, “qilsa bo‘lar ekan-ku” degan fikrga kelganlari bo‘ldi”, – deya nomzodning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top