13:37 / 08.10.2021
9685

«Xavfsizlikka tahdidlarga qarshi boshqa ta'sirchan vositalar ham bor» – Komilov O‘zbekistonning KXShTdagi ishtiroki tiklanishi borasida

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondan chiqishi ortidan yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dagi ishtiroki qayta tiklanishiga sabab bo‘lishi borasidagi fikrlarga munosabat bildirdi.

Abdulaziz Komilovning fikricha, tashqi tajovuz holatida qurolli kuchlardan foydalanish huquqi inkor etib bo‘lmaydigan hodisa va aksariyat mamlakatlarning xavfsizlik sohasidagi milliy konsepsiyalari hamda turli birlashmalar doktrinalarining ajralmas qismi hisoblanadi.

«O‘zbekiston esa hamisha barcha masalalarning, ayniqsa, uzoq o‘n yilliklar mobaynida barcha qo‘shni mamlakatlarda tashvish uyg‘otib kelgan Afg‘onistondagi nizoning tinch yo‘l bilan hal etilishini yoqlagan va yoqlaydi. Biz afg‘on muammosini hal etishning harbiy yo‘li yo‘qligini doimo ta'kidlab kelganmiz. Bugungi kunda jahon hamjamiyatida bu nuqtayi nazarga ko‘pchilik xayrixohlik qilmoqda. Afg‘onistondan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari olib chiqilgani ham bizning yondashuvimiz to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi.

Biz O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi, jumladan, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasiga muvofiq, mamlakatimiz harbiy bloklarda ishtirok etmasligi to‘g‘risida bir necha bor bayonot berganmiz. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimiz o‘z milliy xavfsizligini ta'minlash uchun yetarli salohiyatga ega ekani ham amaliy jihatdan o‘ta muhimdir. O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasidagi islohotlar muvaffaqiyatli bormoqda, milliy armiyaning harbiy-texnikaviy bazasi mustahkamlanmoqda», – deydi vazir.

Shuningdek, Komilov muayyan tahdid va xavf-xatarlarga harbiy ittifoqlar va tashkilotlar vositasida qarshi turish mumkinligini ham qayd etdi.

«Biroq xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga to‘qnash kelganda faqat harbiy kuch yo‘lini tanlash hamisha ham kutilgan natijani bermaydi. Axir samaradorligi kam bo‘lmagan va hatto ko‘pgina holatlarda xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi turishda lozim darajada ta'sirchan boshqa vositalar ham bor-ku. Ana shunday vositalardan biri, bu — diplomatiya.

Preventiv diplomatiya usullari o‘tgan davrda o‘zining foydali ekanini ko‘p bor tasdiqlagan, hozirgi paytda ham amaliy kuchini, jumladan, Afg‘onistondagi yangi vaziyatga yondashuvlarda tasdiqlamoqda. Bu yerda gap faqat ikki tomonlama diplomatiya haqida borayotgani yo‘q. Xalqaro miqyosda ko‘p tomonlama darajada milliy va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan har qanday ko‘rinishdagi tahdid va xavf-xatarlardan ogoh bo‘lishga qaratilgan siyosiy-diplomatik mexanizmlarning butun boshli tizimi yaratilgan va u doimiy ravishda rivojlanmoqda», deydi vazir.

Shuningdek, Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyoda mintaqa mamlakatlari yirik sheriklar bilan muloqotining «5+1» shakli, Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi, XXR, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yaponiya bilan munosabatlarda platformalar borligini bildirdi.

«Shu bilan birgalikda, mintaqada KXShTdan tashqari, MDH va ShHT singari tashkilotlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning doirasida dolzarb masalalar, xususan, mintaqaviy xavfsizlik ta'minlanishiga, shuningdek, Afg‘oniston muammosiga doir masalalar muhokama etilmoqda», deya qo‘shimcha qildi vazir.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti – harbiylashtirilgan mintaqaviy xalqaro tashkilot hisoblanib, 1992 yil 15 may kuni Toshkentda imzolangan xalqaro bitim doirasida tuzilgan. Unga sobiq sovet ittifoqining to‘qqiz respublikasi a'zo bo‘lib kirgandi. Hozirda bu tashkilotga faqat Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a'zo hisoblanadi. O‘zbekiston birinchi marta 1999 yil 2 aprelida ushbu tashkilotdan chiqib ketgan. Keyinchalik, AQSh va G‘arb davlatlari bilan munosabatlar sovuqlashishi ortidan 2006 yil 16 avgustda O‘zbekistonning KXShTga a'zoligi to‘liq tiklanadi.

2012 yil 28 iyunida O‘zbekiston bu tashkilotdan yana chiqib ketadi va qaytib qo‘shilmadi. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning shartnomadan chiqishi sabablarini ochiqlamagan.

2012 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga a'zoligi taqiqlangan va bu konsepsiya hozirda amalda.

Joriy yilning 12 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov sherik davlatlarning O‘zbekistondan KXShTdagi a'zoligini tiklash masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflari bo‘yicha ma'lumotlar mavjud emasligini bildirgan.

Mavzuga oid
Top