12:24 / 09.10.2021
10810

Saudiya Arabistoni aeroportiga dron hujumi uyushtirildi

Yamanning «Ansorulloh» harakati husiy isyonchilari tomonidan Saudiya Arabistonining Jizan shahridagi aeroportida minalashtirilgan dron ishga tushishi natijasida kamida 10 kishi jarohatlangan.

Foto: AFP

Saudiya Arabistonining Jizan shahridagi aeroportida minalashtirilgan uchar qurilma ishga tushishi natijasida kamida 10 kishi jarohatlangan. Ushbu harakat Yamanning «Ansorulloh» harakati husiy isyonchilari tomonidan amalga oshirilgani aytilmoqda.

Bu haqda Saudi Press Agency polkovnik Turki al-Malikiy bayonotiga asoslanib ma'lumot bermoqda.

«Jizan aeroportiga dron yordamida uyushtirilgan hujum natijasida 10 kishi yaralangan, ular orasida sayyohlar va aeroport xodimlari bor», deyilgan agentlik xabarida.

7 oktabr kuni Abho aeroportida bomba o‘rnatilgan dron ushlangani ma'lum qilingandi. Bu yerda ham dron hujumi natijasida to‘rt kishi yaralangan.

Yamanda 2014 yilning avgustidan beri hukumat kuchlari va qurolli isyonchi guruhlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik oqibatida notinchlik hukm surmoqda. 2015 yilning mart oyida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya mamlakatga o‘z harbiy kuchlarini olib kirdi. Shundan so‘ng qarama-qarshilik yanada kuchaydi va faollashdi.

Yamanda uzoq vaqtdan beri davom etayotgan mojaro mamlakatda eng katta gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb 80 foizi, 24 milliondan ortiq yamanlik, gumanitar yordamga muhtoj, ichki qochqinlar soni esa 3 milliondan oshgan. Husiy isyonchilari bir necha yildan beri mamlakat hududlariga hujumlar uyushtirmoqda va to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda.

Top